Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek jang san’atida mamlakat kubogi sohiblari aniqlandi
11:23 / 2025-10-20

Termiz shahridagi "Surxon" sport arenasida sportning O‘zbek jang san’ati turi bo‘yicha yoshlar va kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan mamlakat kubogi bellashuvlarida yurtimizning turli hududlaridan 800 nafarga yaqin sportchilar ishtirok etdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarning mahoratli yoshlari O‘zbek jang san’atining "Bellashuv jang kurash" yo‘nalishi bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi.

Musobaqaning ochilish marosimida ishtirok etgan O‘zbek jang san’ati federatsiyasi raisi Po‘lat Usmonov kubok bahslari 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami shodiyonalari bilan hamohang tarzda o‘tkazilayotganligi, ona tilimizning mavqeini mustahkamlashda sport turlarining alohida o‘rni borligini ta’kidlab, O‘zbek jang san’atidagi usullar, atamalar, sport atamalari bebaho merosimizdan jilo olganligini bildirib o‘tdi.

Ikki kunlik murosasiz bellashuvlar, ko‘rgazmali chiqishlar natijasiga ko‘ra, kattalar o‘rtasida Toshkent shahri jamoasi O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Andijon, Samarqand va Sirdaryo viloyati jamoalari keyingi pog‘onalardan joy oldi.

O‘smirlar o‘rtasidagi bahslarda Surxondaryo, Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyati jamoalari sovrinli o‘rinlarga ega chiqdi.

Musobaqalar davomida mahoratli sportchilar Feruz Ismoilov, Shahriyor Saidazimov, Sherbek Ahmadjonov, Muhammad Yusuf Akbarov, Shahzoda Odilova, Muazzamoy Sotvoldiyeva, Farog‘at Shirinova, Adolat Shamsiddinova va Nafisaxon Xayrullayeva o‘z yo‘nalishlarida eng yaxshilar qatorida e’tirof etildi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA