French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek jang san’ati – milliy qadriyatlar maktabi
09:25 / 2026-02-07

Har bir sport turining o‘z vatani bor. Koreyada taekvondo, Yaponiyada karate, Tailandda muay-tay, Rossiyada qo‘l jangi va universal jang, AQSHda kikboksing, Xitoyda u-shu rivojlangan.

Ushbu sport turlarining har biri o‘ziga xos jang san’ati, texnika va an’analarga ega bo‘lib, ular bir-birini takrorlamaydi. Bu yo‘nalishlarni rivojlantirishda o‘z vatanida yetishib chiqqan ustoz va murabbiylarning xizmati katta.

Ko‘p asrlik tarixga ega xalqimiz hayotida ham sharq yakka kurashi va jang san’ati muhim o‘rin tutadi. Osiyo hududida jang san’ati qadim zamonlardan rivojlangani arxeologik topilmalar orqali tasdiqlangan. Xususan, Iroq hududidan topilgan 5 ming yillik yakka kurash tasviri tushirilgan haykalcha bu yo‘nalishning ildizlari chuqur ekanini ko‘rsatadi. Sohibqiron Amir Temur bobomizning harbiy yurishlari va qo‘shin tayyorgarligida ham jang san’ati alohida ahamiyat kasb etgan.

Tarixiy manbalarga ko‘ra, Amir Temur qo‘shinlari piyoda va otliq askarlardan iborat bo‘lib, qilich, nayza, o‘q-yoy, gurzi va cho‘qmor kabi qurollar bilan jihozlangan. Shu bilan birga, jang maydonlarida qurolsiz holda ham qo‘l va oyoq zarbalari orqali raqibni yengish mahorati qo‘llanilgan.

Ana shu boy tarixiy meros asosida yosh avlodni jismoniy va ma’naviy jihatdan kamol toptirish, milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida o‘zbek jang san’ati sport turi yaratildi.

Mazkur sport turining shakllanishida jonkuyar sportchi Po‘lat Usmonovning mehnati alohida e’tirofga loyiq. O‘zbek jang san’ati beshta asosiy yo‘nalishni qamrab oladi. Musobaqaviy yo‘nalish kompleks mashqlar, bellashuvlar (sparring) va ko‘rgazmali chiqishlardan iborat. Sog‘lomlashtirish yo‘nalishida esa 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar yengil mashqlar va maxsus gimnastika orqali shug‘ullanishi mumkin.

Qo‘l san’ati yo‘nalishi 3,5 mingdan ortiq himoya va zarba usullarini o‘z ichiga olib, tananing nozik nuqtalariga ta’sir etish texnikasini qamrab oladi. Temuriylar jang usuli yo‘nalishida qilich, xanjar, tayoq va nayzalar bilan mashqlar bajarilib, qo‘l va oyoq zarbalari kuchini oshirishga e’tibor qaratiladi. Jang kurashi yo‘nalishi esa raqibni ko‘tarib tashlash, chalish, bukish, changaldan chiqish va jangovar zarbalar berish kabi usullarni o‘z ichiga oladi.

2009 yilda tashkil etilgan O‘zbek jang san’ati federatsiyasi ushbu sport turini ommalashtirish, mashg‘ulotlarni yuqori saviyada tashkil etish, sportchilarning mahorat va tajribasini oshirish hamda malakali murabbiylar tayyorlashga e’tibor qaratmoqda. Ayni paytda mamlakatning turli hududlaridagi to‘garaklarda 40 mingga yaqin o‘g‘il-qiz o‘zbek jang san’ati bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda.

O‘zbek jang san’ati bilan olti yoshdan boshlab shug‘ullanish mumkin. Dastlab sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlari orqali boshlang‘ich ko‘nikmalar shakllantirilib, keyin jang san’ati bosqichma-bosqich o‘rgatiladi. Bolalar musobaqalarga tizimli ravishda tayyorlab boriladi.

[gallery-27523]

Kecha Chirchiq shahridagi Jismoniy tarbiya va sport universiteti manejida o‘zbek jang san’ati murabbiylari uchun seminar tashkil etildi. Barcha yosh toifalari o‘rtasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan mamlakat chempionati oldidan o‘tayotgan o‘quv va ko‘rgazmali mashg‘ulotlarda 500 nafarga yaqin murabbiy ishtirok etmoqda.

Shuningdek, o‘zbek jang san’ati a’zolari uchun Vatanga sadoqat, ajdodlar merosiga hurmat, halol kurash, jasorat va insonparvarlik kabi qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan maxsus qasamyod joriy etilgan. Rejalashtirilayotgan mamlakat chempionatida murabbiylar ham ushbu qasamyodni qabul qiladi.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/gwGCXEuWHt0" title="O`zbek jang san’ati – milliy qadriyatlar maktabi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Kamola Yusupova,

Muhammad Amin (foto), 

Asliddin Alijonov (video), O‘zA