O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalar o‘ziga xos rivojlanish yo‘lidan bormoqda.
Poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatriga tutash hududda bo‘lib o‘tgan ochiq osmon ostidagi konsert – “Open Air“ formatidagi musiqiy dastur ”Italiya kuni”ga bag‘ishlandi.
O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Milliy simfonik orkestri “Bulbulcha” yoshlar xor jamoasi bilan birgalikda italiyalik musiqachilar Lyudoviko Tronkanetti (fortepiano) va Valentina Boi ( soprano) ishtirokidagi konsert dasturi muxlislarga manzur bo‘ldi. Italiyalik kompozitorlari Juzeppe Verdi hamda Enio Morikone asarlari ijro etildi.
Aytish joizki, mohir pianinochi Lyudoviko Tronkanetti Milan konservatoriyasida tahsil olgan. U yakkaxon konsertlari, duet va kamer jamoalari tarkibida musiqiy dasturlari bilan Yevropa davlatlari, AQSH, Rossiya, Hindiston, Xitoy va boshqa davlatlarda ijodiy safarlarda doimiy qatnashadi. Valentina Boi Italiyadagi nufuzli konsertlarda o‘zining betkaror ovozi, boy repertuarini muntazam taqdim etib keladi.
O‘zbek va italyan ijrochilari ishtirokidagi konsert muxlislarga manzur bo‘ldi. San’at chegara bilmasligi mazkur konsert davomida yana bir karra o‘zining yaqqol ifodasini topdi.
N.Usmonova, O‘zA