Keyingi yillarda milliy adabiyotimizga ko‘rsatilayotgan e’tibor natijasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining xorijiy davlatlar, ayniqsa, qardosh davlatlar bilan hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib, yangicha bosqichga chiqmoqda.
Bu esa mamlakatimiz yozuvchi va shoirlarining ijodini xalqaro miqyosda targ‘ib etishda, o‘zbek adabiyotini yurtimiz hududidan olislarda keng tanishtirishda o‘ziga xos omil bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmatiga ko‘ra, Qozog‘istonning “Tan-Sholpan” (“Tong yulduzi”) jurnali 2023 yilni “O‘zbek adabiyoti yili” deb belgilagan. Shu munosabat bilan jurnal yil boshidan buyon o‘zbek zamonaviy adabiyoti vakillarining asarlaridan namunalarni qozoq tiliga tarjima qilib, chop etmoqda.
Jurnalning bosmadan chiqqan navbatdagi 5-sonida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali, yozuvchilar Akbar Mirzo, G‘afur Shermuhammad, shoirlar Nodir Jonuzoq va Xosiyat Rustamovaning she’r va hikoyalari qozoq tilida nashr etildi.
“Tan-Sholpan” jurnali adabiy-badiiy nashr bo‘lib, ikki oyda bir marta 10 ming nusxada Almati shahrida chop etiladi.
Jurnalning yil avvalidan beri chiqqan uchta sonida atoqli yozuvchilarimiz Xayriddin Sulton, Xurshid Do‘stmuhammad, Nabi Jaloliddin, Uyg‘un Ro‘ziyev, Risolat Haydarova, Zulfiya Qurolboy qizi, Shoyim Bo‘tayev, Normurod Norqobilovning hikoyalari, shoirlar Eshqobil Shukur, Farida Afro‘z, Zulfiya Mo‘minova, Rustam Musurmon, Muhiddin Omon, Halima Ahmad, Salim Ashur, Shodmonqul Salomning turkum she’rlari qozoq tiliga tarjimada chop etilgan edi. Bunday ma’rifiy hamkorlik zamonaviy milliy adabiyotimizni qardosh xalqlar kitobxonlari o‘rtasida targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
N.Usmonova, O‘zA