Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek ijodkorlari Qohirada xalqaro adabiy anjumanda ishtirok etdi
18:52 / 2021-06-04

Misrning taniqli saytlaridan biri egyptian-gazette.com hamda cairo24.com nashrlarida O‘zbekiston va Misr madaniy-adabiy forumi haqida maqola e’lon qilindi.

Xalqlarni birlashtirishda, bir-biriga yanada yaqinlashtirishda adabiyotning ta’sir kuchi nihoyatda baland. Bu Qohirada bo‘lib o‘tgan adabiy anjumanda yana bir bor o‘z isbotini topdi, deyiladi maqolada.  

Livan yozuvchisi va shoiri Tagrid Fayyod o‘zbek madaniyati va adabiyotiga bag‘ishlangan madaniy forum tashkil etdi. O‘zbekiston elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Misr, Livan, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Turkmaniston va boshqa davlatlardan yig‘ilgan ijodkorlar uchun “A journey to the Heart” (“Yurakka sayohat”) va O‘zbekistonda chop etiluvchi “Inside Kashkadarya” jurnallarining taqdimoti bo‘ldi. Shundan keyin Markaziy Osiyo va arab davlatlari madaniyati forumi o‘tkazildi.

Forumda ishtirok etgan O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi maslahatchisi Sherzod Yoqubov ikki mamlakatning madaniy-adabiy hamkorligi, urf-odatlari mushtarakligi xususida o‘z fikrlarini bildirdi.

“Yurakka sayohat” bayozi o‘zbekistonlik ijodkor Asror Allayarov tomonidan ingliz tiliga tarjima qilingan. Keyinchalik bu kitob ingliz tilidan arab tiliga Tagrid Fayyod tomonidan o‘girilgan.

—Biz Misrni qadimgi sivilizatsiya beshigi deb bilamiz. Misrda adabiyot yuqori darajaga ko‘tarilgan. Shubhasiz, adabiyot turli madaniyat vakillarini yaqinlashtiruvchi kuchdir. Arab tilini to‘liq tushunmasam ham, she’rlarni yurakka yaqin his qildim. She’riyat til tanlamaydi, millat tanlamaydi, deganlari rost ekan. Muhimi, tuyg‘ularning, ko‘ngillarning yaqinligi, – deydi xalqaro anjumanda ishtirok etgan O‘zbekiston vakili Farangiz Siddiqova.

Livan Madaniyat markazi direktori Tagrid Fayyod va anjuman tashkilotchilaridan Hossam Mohammad bu kabi ijodiy uchrashuvlarni tez-tez o‘tkazib turish hamda arab ijodkorlarining asarlarini o‘zbek tilida chop etib, kitobxonlarga taqdim etish istagi borligini bildirib o‘tdi.