O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Shuhrat Orifning "44-kuz" she’riy kitobi Qirg‘izistonning Bishkek shahrida nashrdan chiqdi. "Mukay" nashriyoti tomonidan chop etilgan kitobdagi she’rlarni iste’dodli shoira, Jo‘lon Mamitov nomidagi mukofot sohibi Gulumxan Isayeva qirg‘iz tiliga tarjima qilgan.
Kitobga Qirg‘iziston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, taniqli shoir Atantay Akbarov so‘zboshi yozgan.
Shuhrat Orif o‘zbek adabiyotini xorijda faol targ‘ib qilib kelayotgan ijodkorlardan biri hisoblanadi. Joriy yilning sentyabr oyida shoirning "Mavi erk" kitobi turk tilida Anqarada chop etilgan edi.
Ijodkorning she’rlari ingliz, turk, ozarbayjon, qirg‘iz, qozoq, turkman, uyg‘ur tillariga tarjima qilingan.
2025 yilda Shuhrat Orif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga asosan "Do‘stlik" ordeni bilan mukofotlandi. Shoirning turkiy xalqlar adabiy aloqalariga qo‘shayotgan hissasi Turkiy madaniyat xalqaro tashkiloti tomonidan e’tirof etilib, TURKSOY medali bilan taqdirlangan edi.
Shuhrat Orif shu yilning may oyida Qirg‘izistonning O‘sh shahrida o‘tkazilgan xalqaro she’riyat bayramida TURKSOY Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga ham qabul qilingan.
O‘zA