O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Shuhrat Orifning yangi she’riy kitobi Hindistonning Dehli shahrida ingliz tilida nashrdan chiqdi.
Shoirning kitobi “The Flying Leaf” (“Uchayotgan yaproq”) nomi ostida “VK Global Publications” nashriyot uyi tomonidan chop etilgan.
Kitob taqdimoti 2026 yilning yanvar oyida dunyodagi nufuzli kitob ko‘rgazmalaridan biri — “New Delhi World Book Fair” doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shoir she’rlarini ingliz tiliga iste’dodli shoira Munira Norova tarjima qilgan.
Ta’kidlash lozimki, Shuhrat Orif o‘zbek adabiyotini xorijda faol targ‘ib qilib kelayotgan ijodkorlardan biri hisoblanadi. Joriy yilning sentyabr oyida shoirning “Mavi erk” kitobi turk tilida Anqarada va oktyabr oyida “44-kuz” kitobi Bishkek shahrida qirg‘iz tilida chop etilgan edi.
2025 yil ijodkor uchun omadli keldi. U O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga asosan “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi.
Shoirning turkiy xalqlar adabiy aloqalariga qo‘shayotgan hissasi Turkiy madaniyat xalqaro tashkiloti tomonidan TURKSOY medali bilan e’tirof etildi. Shuhrat Orif joriy yilda TURKSOY Yozuvchilar uyushmasi va Qirg‘iziston Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilindi.
O‘zA