Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek futboli yulduzlari – Farg‘onada
17:29 / 2022-10-25

Farg‘ona viloyatida o‘zbek futbolining 110 yilligi munosabati bilan katta futbol bayrami bo‘lib o‘tmoqda. Bayram doirasida viloyat hokimligida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat sektorlari rahbarlari, O‘FA vitse-prezidenti Odil Ahmedov, Birodar Abduraimov, To‘lagan Isoqov va boshqa o‘zbek futbolining faxriy yulduzlari, futbol jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi.

Muloqot chog‘ida Farg‘ona viloyatida futbol rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar hamda kelgusi rejalar muhokama qilindi. Farg‘ona futbolisiz o‘zbek futbolini tasavvur qilib bo‘lmasligi, 1994 yilda Yaponiyada bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarida g‘olib bo‘lgan terma jamoamiz safida ham 7 nafar farg‘onalik futbolchilar to‘p surgani tilga olindi.

Viloyatda futbol infratuzilmasini yanada yaxshilash, professional va ommaviy futbolni rivojlantirish, “Neftchi” jamoasining avvalgi mavqeyini tiklash yo‘lidagi ishlarni alohida e’tirof etgan Ravshan Ermatov yaqin davrda Farg‘ona shahridagi yangilangan “Istiqlol” o‘yingohi nufuzli xalqaro o‘yinlarga ham mezbonlik qilishi ko‘zda tutilayotganini ma’lum qildi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov futbolni ommalashtirish maqsadida har bir shahar va tumanda futbol klublari tashkil etilayotgani, Farg‘ona futbol maktablari uchun yagona futbol metodikasini tatbiq etish uchun xorijlik mutaxassis jalb etish ustida ish olib borilayotgani, “Neftchi” futbol akademiyasini O‘zbekistonda eng kuchli futbol akademiyalaridan biriga aylantirish rejalari haqida so‘z yuritdi.

Tadbir yakunida Xayrullo Bozorovga “O‘zbekiston futboli rivojiga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni topshirildi.

O‘zbek futbolining 110 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan asosiy tadbirlar “Istiqlol” o‘yingohida davom etmoqda. O‘zbekiston va Farg‘ona viloyati faxriylar terma jamoalari Qirg‘iziston va Tojikiston faxriylar terma jamoalariga qarshi bir taymlik uchrashuvlarda maydonga chiqadi. O‘yinlar oralig‘ida muxlislar va mehmonlar e’tiboriga katta konsert dasturi namoyish etiladi.

M. Sulaymonov, O‘zA