Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek futbol muxlislarining “So‘g‘diyona”dan umidlari katta
11:37 / 2022-07-16

Jizzaxning “So‘g‘diyona” professional futbol klubi Dushanbe shahrida OFK kubogi uchun o‘tgan guruh bahslaridagi barcha uchrashuvlarda g‘alaba qozonib, pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani va bu bosqichda Tojikistonning yana bir boshqa jamoasi “Xo‘jand” bilan uchrashishi haqida avval xabar bergan edik.

Bitta uchrashuvdan iborat ushbu pley-off bahsi joriy yilning 17-avgust kuniga belgilandi. OFK kubogi Markaziy mintaqa final uchrashuvi nomini olgan ushbu bahs qur’a natijasiga ko‘ra Xo‘jand shahrida, aynan shu nomdagi jamoaga qarshi bo‘lib o‘tadigan bo‘ldi.

Ulug‘bek Baqoyev shogirdlari ushbu o‘yinda g‘alaba qozonish uchun astoydil tayyorgarlik ko‘rmoqda. Jizzaxliklar buni uddasidan chiqsa, “So‘g‘diyona” jamoasi hududlararo yarim final bosqichida Gongkong davlatining “Istyern Long Layons” klubi bilan bahs olib boradi. Bitta o‘yindan iborat bu uchrashuvning qayerda o‘tishi ham qur’aga ko‘ra aniqlanadi. 

Oldiga katta maqsadlarni qo‘ygan “So‘g‘diyona” PFK gonkongliklar to‘sig‘idan ham muvaffaqiyatli o‘tishiga butun Jizzax ahli ishonch bilan qarayotgan bo‘lsa, o‘zbek futbol muxlislarining “So‘g‘diyona”dan umidlari katta. 

O‘zbekistonning amaldagi vitse-chempioni – “So‘g‘diyona” Gongkongning “Istyern Long Layons” klubi ustidan zafar quchgan taqdirda, hududlararo final va OFK Kubogining hal qiluvchi – final bellashuvi aynan O‘zbekistonda bo‘lib o‘tishi belgilab qo‘yildi. 

Bu esa jizzaxliklar jamoasi zimmasiga ikki karra katta mas’uliyat yuklaydi.

Umid qilamizki “So‘g‘diyona” o‘zbek futbol muxlislari ishonchini oqlaydi.

A.QAYUMOV, O‘zA