Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek futbol muxlislarida muxlislik madaniyati yo‘qolmoqdami?
06:34 / 2024-04-02

E’tibor berayapsizmi?! Futbol bo‘yicha terma jamoamiz o‘yinlarida muxlislarning to‘siqlar osha o‘yin maydoniga yugurishi va futbolchilar oldiga borib sport liboslarini so‘rashi, quchoqlashi kabi holatlar ko‘payib bormoqda...

Mamlakatimizda bunyod etilgan sport inshootlarida dunyo miqyosidagi nufuzli musobaqalarni yuqori saviyada o‘tkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjud bo‘lib, so‘nggi yillarda ko‘plab sport turlari bo‘yicha jahon va qit’a birinchiliklari hamda xalqaro turnirlar o‘tkazish borasida katta tajriba to‘plandi. Bu esa nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro miqyosda e’tirof etilmoqda.  

Ammo nufuzli sport tadbirlarida muxlislar o‘zini qanday tutayotgani va muxlislik odobini shakllantirish borasida qanday ishlar amalga oshirilayotganiga aniq bir javob yo‘q. To‘g‘ri, dzyudo, tennis, boks, qilichbozlik va shunga o‘xshash bir qator sport tadbirlarida muxlislarimiz o‘z madaniyatlarini a’lo darajada ko‘rsatmoqda. Biroq futbol musobaqalaridagi ayrim holatlarni ko‘ngildagidek deya olmaymiz.    

Albatta, sport turlari ichida futbolning  o‘zgachaligini, uning muxlislari ham shunga monandligini bilamiz. Chet el davlatlarida futbol muxlislari jamoalarini turli usulda qo‘llab-quvvatlaydi va ularga dalda bo‘ladi. Lekin ular boshqa jamoa muxlislari bilan o‘zaro urishish, maydonga yugurish, o‘rindiqlarni sindirish va stadion uzra turli narsalarni yoqib uloqtirish, kiyimlarni yechish kabi tartibsizliklar bilan chiroyli o‘yinni xunuk holatga olib kelmaydi.  

Bizda esa, so‘ngi paytlarda futbol muxlislari orasida yuqorida sanab o‘tilgan xunuk holatlarning uchrayotgani hech bir odob-axloq me’yorlariga, muxlislik madaniyatiga to‘g‘ri kelmaydi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, futbol bo‘yicha terma jamoamiz o‘yinlarida muxlislarning to‘siqlar osha o‘yin maydoniga yugurishi va futbolchilar oldiga borib sport liboslarini so‘rashi, quchoqlashi kabi holatlar ko‘payib bormoqda. Ayniqsa, voyaga yetmagan yoshlarning bunday qiliqlari juda xunuk ko‘rinish olayotir.  

To‘g‘ri, futbol maydonlarida hakamlarni haqorat qilish, hushtakbozlik kabi holatlar avvaldan uchrab turar edi, ammo xalqimiz o‘rindiqlarni sindirish, maydonga yugurib chiqishdan tiyilardi, xayo qilardi.  

Albatta, biz o‘z jamoamiz va futbolchilarimizga muxlislik qilayotganda xatti-harakatlarimizni boshqarish, keltirib chiqaradigan oqibatlari haqida biroz bo‘lsada o‘ylashimiz lozim.  

Birgina misol, yaqinda – 26-mart kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026 yilgi jahon chempionatiga va 2027 yilgi Osiyo kubogiga qo‘shma saralash o‘yinlarida Hongkongga qarshi «Bunyodkor» stadionida o‘yin o‘tkazdi. Uchrashuvdan so‘ng bir necha muxlislar to‘siqlarni oshib o‘tib, o‘yin maydoniga yugurib chiqdi...  

Buning natijasida, Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasini (O‘FA) jarimaga tortdi. Qolaversa, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi tartibsizlik qilgan shaxslarga jarima va 5-7 sutka qamoq jazosi tayinladi. Futbol maydonida tartibsizlik paydo qilgan shaxslar organ xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmay, ularga ham qarshilik ko‘rsatdi va ular darhol Chilonzor IIO FMBga olib kelindi. Eng achinarlisi, ularning orasida 6 nafar voyaga yetmagan bolaning borligidir.  

Xo‘sh, endi aytingchi, kimga foyda, kimga naf? Nazarimda, haqiqiy muxlis o‘z jamoasiga, sportchisiga, zarracha bo‘lsada zarar yetkazishni istamaydi. Shu bois muxlislik madaniyatiga rioya qilib, g‘alaba nashidasini oilamiz davrasida, yaqinlarimiz bilan birga nishonlasak maqsadga muvofiq bo‘lar edi.    

Keling, joriy yilda futbol bo‘ycha mamlakatimizda o‘tadigan terma jamoa va klublarimiz o‘yinlarida, turli sport musobaqalarida, ayniqsa, kelgusi yil poytaxtimizda o‘tadigan «Toshkent-2025» yoshlar o‘rtasidagi Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida shunday muxlislik qilaylikki, dunyo ixlosmandlari muxlislikning asil madaniyatini xalqimizdan o‘rgansin.  

 

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA