French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek folklorining himoyasi yo‘lida qatag‘onga uchragan Shokir Sulaymon (+video)
10:06 / 2025-09-28

Azim Qo‘qon shahridan yetishib chiqqan jadidlar XX asr boshlarida Turkiston o‘lkasining maorifi, madaniyati, siyosiy jarayonlardagi faoliyati bilan yorqin iz qoldirgan. Jumladan, Ashurali Zohiriy, Abduvahob Ibodiy, Muhammadjon Xoliqiy, Akbar Islomov, Nazir To‘raqulov va shu kabi ko‘plab ziyolilar o‘lkada ilg‘or g‘oyalarning yoyilishida o‘zining munosib hissalarini qo‘shgan. Qo‘qonlik taraqqiyparvar yoshlar ichida, ayniqsa, Shokir Sulaymonning ham alohida o‘rni va roli bor.

Shokir Sulaymon 1900 yilda Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. Uning otasi Sobirxo‘ja ilmli inson, onasi Tiniqoy ham o‘qimishli ayol bo‘lganligi manbalardan ma’lum. Shokirning birinchi ustozi otasi Sobirxo‘ja bo‘lib, keyingi ta’limni qo‘qonlik jadid Abduvahob Ibodiyning “Irfon” maktabida davom ettiradi. Abduvahob Ibodiy o‘z maktabida mukammal ta’lim tizimini ishlab chiqqan, ushbu maktabdagi tahsil, shubhasiz, yosh Shokirning hayotida muhim o‘rin tutdi.

Shokir Sulaymonning “Farg‘ona” gazetasining 1923 yil 24 avgust sonida chop etilgan “Milliy kuy va ashulalarimiz” nomli maqolasi ham uning nechog‘liq xalq adabiyotini asrab-avaylashda fidokor shaxsiyat bo‘lganligini anglatadi. Muallif ushbu maqolasida har bir elning va har bir xalqning yuragidan qaynab chiqqan oh-zorlarini, shodlik va qayg‘ularini o‘z ohang va ruhiga muvofiq kuylari, ashulalari va shu kuy, ashulalarni xalqning o‘ziniki qilib aytadigan qo‘shiqchilari borligini qayd etib, xalqning aksariyati, xususan, omma qismi har vaqt o‘z ashulachilari bilan faxrlanib, shularni eshitib, ruhlarini sug‘orib, tetiklantirishlarini yozadi.

Garchi, sovet hukumati 1956 yilda xotini Zaynab Mirsalimovaga eri Shokir Sulaymonning 10 yilga mehnat tuzatish lageriga hukm qilinganligini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, u 1942 yilning 22 dekabridayoq otib tashlangan edi. O‘zbek adabiyotining, xususan o‘zbek folklorining jonkuyar himoyachisi, tolmas targ‘ibotchisi Shokir Sulaymonning tergov bayonnomasiga yozgan so‘nggi so‘zi quyidagicha bo‘ldi: “Men xoin emasman!”. Shokir Sulaymon 1956 yil 27 sentyabrda oqlangan.

"Jadidlar — millat qahramonlari" loyihasining bu galgi soni iste’dodli shoir, nosir va folklorshunos Shokir Sulaymonning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlanadi.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ncJ2d5nz35g" title="O`zbek folklorining himoyasi yo`lida qatag`onga uchragan Shokir Sulaymon" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muhayyo Turdaliyeva, 

Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA