Insoniyat yaralibdiki, dardga davo izlaydi, tabiatning shifobaxsh ne’matlaridan shifo qidiradi. Bir necha ming yillik tariximizga nazar tashlasak, Abu Ali ibn Sinodek buyuk allomalar qoldirgan boy meros bugungi tibbiyotning poydevori ekaniga guvoh bo‘lamiz. Biroq xalq tabobatidan zamonaviy, ilmiy asoslangan farmatsevtika sohasiga o‘tish jarayoni oson kechmagan. Bu yo‘lda o‘ziga xos o‘zgarishlar, ilk qadamlar va jasoratli shaxslar tarixi mavjud.
O‘zbekistonda dorishunoslik sohasining professional tarzda shakllanishi XX asr boshlariga to‘g‘ri keladi. Bu shunchaki do‘kon ochish yoki giyoh sotish emas, balki sohani ilmiy izga solish, malakali kadrlar tayyorlash va aholi salomatligini muhofaza qilish yo‘lidagi jiddiy harakatlar edi. Manbalar bizga ushbu sohada “birinchi” bo‘lgan ayrim muhim sanalar hamda shaxslar haqida so‘zlaydi. Quyida keltiriladigan har bir tarixiy lavha tibbiyotimizning bir sahifadir.
Turkistondagi ilk farmatsevtika jamiyati
1907 yilning 12 yanvar sanasida o‘lkamiz tibbiyotitarixidagi muhim voqealardan biri sodir bo‘ldi. Toshkent shahrida O‘rta Osiyoda birinchi bo‘lib Turkiston farmatsevtika jamiyati tashkil etildi. Ushbu voqeaga qadar hududda dori-darmon savdosi va tayyorlanishi tarqoq, aksariyat hollarda nazoratsiz holatda edi. Mazkur jamiyatning tuzilishi soha vakillarini birlashtirish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish yo‘lidagi ilk jiddiy qadam sanaladi. Jamiyat o‘z oldiga dorixonalar faoliyatini tartibga solish va sifatsiz mahsulotlar tarqalishining oldini olishni maqsad qilgan edi.
Bu tashkilot nafaqat nazorat organi, balki o‘zaro tajriba almashish maydoni vazifasini ham o‘tagan. Jamiyat a’zolari turli yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish, dori vositalarini to‘g‘ri saqlash va tarqatish bo‘yicha yangi qoidalarni ishlab chiqishgan. Ushbu sana O‘zbekiston hududida farmatsevtikaning ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan professional sohaga aylana boshlaganini anglatadi.
Birinchi o‘zbek farmatsevti
Tarixni shaxslar yaratadi. O‘zbek xalqining ilk professional farmatsevti Musaxon Mirazimov ana shunday fidoyi insonlardan biri edi. U o‘z davrining nufuzli ilm dargohlaridan biri bo‘lgan Qozon universitetida tahsil olib, dorixona yordamchisi darajasi uchun jiddiy sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tadi. XX asr boshida mahalliy aholi vakillari orasidan Yevropa andozasidagi oliy ma’lumotga ega mutaxassislar yetishib chiqishi kamyob hodisa edi. Musaxon Mirazimov o‘z bilimi va iqtidori bilan bu to‘siqlarni yengib o‘tdi.
U 1909 yildan 1917 yilga qadar Toshkent va Qo‘qon shaharlaridagi dorixonalarda faoliyat yuritdi. Keyinchalik esa respublika dorixonalar boshqarmasi tizimida mas’uliyatli vazifalarni bajardi. Uning faoliyati faqat dori tayyorlash bilan cheklanib qolmay, balki yosh mutaxassislarga ustozlik qilishni ham qamrab olgandi. Uning ko‘p yillik samarali mehnati va xalq salomatligi yo‘lidagi xizmatlari munosib baholandi. 1943 yilning sentyabr oyida, Ikkinchi jahon urushining eng og‘ir pallasida, Musaxon Mirazimovga tibbiyot xodimlari orasida birinchilardan bo‘lib “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan shifokor” faxriy unvoni berildi. Bu unvon uning zahmatli mehnatiga berilgan yuksak baho edi.
Mintaqadagi ilk farmatsevtika instituti
Soha rivoji uchun faqat amaliyotchilar emas, balki chuqur nazariy bilimga ega olimlar va mutaxassislar zarur edi. Bu ehtiyoj 1937 yilda Toshkent shahrida O‘rta Osiyodagi birinchi Farmatsevtika instituti (hozirgi Toshkent farmatsevtika instituti)ning tashkil etilishi bilan qondirildi. Mazkur oliy o‘quv yurtining ochilishi mintaqada tibbiy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqdi. Endilikda mutaxassislarni chetdan chaqirishga hojat qolmadi, balki mahalliy yoshlar orasidan kadrlar tayyorlash imkoniyati paydo bo‘ldi. Institut qisqa vaqt ichida ilm-fan va ta’limning markaziga aylandi.
Institut nafaqat talabalarga bilim berdi, balki dorishunoslik sohasidagi dolzarb masalalarni tadqiq qiluvchi ilmiy laboratoriya vazifasini ham o‘tadi. Mahalliy shifobaxsh o‘simliklarni o‘rganish, yangi dori vositalarini kashf etish va ishlab chiqarishga joriy qilish ishlari aynan shu dargohda boshlandi. 1937 yilda qo‘yilgan ushbu poydevor bugungi kunda ham O‘zbekiston farmatsevtika sanoatining tayanchi bo‘lib xizmat qilmoqda. Ushbu dargohdan yetishib chiqqan minglab mutaxassislar nafaqat yurtimizda, balki qo‘shni davlatlarda ham salomatlik posboni bo‘lib xizmat qilmoqdalar.
Farmatsevt olimlarning ilk ilmiy uyushmasi
Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda ilm-fanni qayta tiklash va rivojlantirish hayotiy zaruratga aylangan edi. 1948 yilda Toshkentda O‘zbekistonda birinchi marta Farmatsevtlarning respublika ilmiy tibbiyot jamiyati tuzildi. Bu tashkilotning vujudga kelishi sohadagi ilmiy izlanishlarni bir tizimga solish va tadqiqotchilar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qildi. Agar 1907 yildagi jamiyat asosan amaliy masalalar bilan shug‘ullangan bo‘lsa, 1948 yildagi jamiyat ilmiy-nazariy masalalarni kun tartibiga qo‘ydi.
Jamiyat qoshida o‘tkazilgan anjumanlar, ilmiy bahslar va tajriba almashinuvlar O‘zbekistonda farmatsevtika fanini rivojlantirdi. Olimlar dori vositalarining kimyoviy tarkibi, ta’sir etish kuchi va nojo‘ya oqibatlarini chuqur o‘rganishga kirishdilar. Bu jarayon milliy farmatsevtika maktabining shakllanishini tezlashtirdi. Ilmiy jamiyat faoliyati tufayli ko‘plab nodir asarlar, qo‘llanmalar va ilmiy maqolalar dunyo yuzini ko‘rdi.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA