Budapesht shahrida dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasida davom etayotgan jahon chempionatining beshinchi kungi musobaqalari ostonasida 17 ta milliy terma jamoalar u yoki bu darajadagi medallarni qo‘lga kiritgan vaziyatda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 2 ta beshinchi o‘rin hisobiga 93 ta davlat orasida 18-o‘rinni band etib turibdi.
Kecha o‘tkazilgan bellashuvlarda 2 nafar vakilimiz g‘oliblik uchun kurash olib borgan bo‘lsa, -81 kilogramm og‘irlikda kuchlilar bilan bellashgan yosh dzyudochimiz Arslonbek Tojiyev saralash bahslarida Italiya, Yaponiya, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari vakillarini tomoshabinlar safiga kuzatib qo‘ydi.

Aytish lozim, hamyurtimiz saralash musobaqasining ikkinchi bosqichida ikki karra Olimpiada chempioni, uch karra Olimpiya o‘yinlari sovrindori, 3 karra jahon chempioni yaponiyalik Takanore Nagaseni shiddatli bahsda mag‘lubiyatga uchratgani chempionatda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.

Yarim finalda mahoratli sportchimiz Arslonbek Tojiyev Xalqaro dzyudo federatsiyasi bayrog‘i ostida chempionatda qatnashayotgan Timur Arbuzovga yo‘l berib, 3-o‘rin uchun kurashda Osiyo chempioni, Olimpiya o‘yinlari sovrindori, janubiy koreyalik Djunxvan Ligakichik hisobda imkoniyatni boy berdi va 5-o‘rin bilan kifoyalandi. Arslonbekni dog‘da qoldirgan Arbuzov o‘z navbatida, ushbu vaznda jahon chempionligini qo‘lga kiritdi.

Bugun ayollar o‘rtasida o‘tadigan -70 kilogramm vaznda terma jamoamiz a’zosi Xurshida Razzoqberdiyeva Xitoy Taypeyi vakili Liao Yu-Jung bilan ilk saralash musobaqasini o‘tkazsa, erkaklar o‘rtasida -90 kg. vazndagi bellashuvlarda qatnashadigan Nurbek Murtozoyev mavrikilik Remi Feuillet bilan, Shahzodxo‘ja Sharipov norvegiyalik Kornelius Eytertsen bilan dastlabki bahsda ro‘baro‘ keladi.
Eslatib o‘tamiz, chempionatning yakkalik bahslari 19 iyun kuni poyoniga yetganidan so‘ng, 20 iyun kuni 16 ta milliy terma jamoa ishtirokidagi jamoaviy bahslar o‘tkaziladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA