Angliyaning Liverpul shahrida boks bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari keskin va murosasiz bellashuvlarni o‘z foydalariga muvaffaqiyatli hal etmoqda.
Chempionatning navbatdagi kunida -54 kg. vaznda Nigina O‘ktamova vengriyalik Anna Lakotarni 5:0 hisobida mag‘lub etib, chorak finalga yo‘l oldi. Navbahor Hamidova esa -65 kg. vazn toifasida belgiyalik Oshin Deriyeuvdan 4:1 hisobida ustun keldi.

Erkaklar o‘rtasidagi janglarda Shavkatjon Boltayev ispaniyalik Bernad Martinezni 3:0 hisobida mag‘lub etdi va 70 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasida chorak finalga yo‘l oldi. To‘rabek Habibullayev esa -90 kg. vaznda Gretsiya vakili Vagkan Nanitzanianni qiyinchiliksiz mag‘lubiyatga uchratib, 1/4 final bosqichiga chiqdi.
Shuningdek, Abdumalik Xalokov -60 kg. vazndagi ikkinchi jangida italiyalik Jiuseppe Kanonikoni, -75 kg. vaznda Fazliddin Erkinboyev turkiyalik Sultan Osmanlini, Jahongir Zokirov +90 kg. vazn toifasida germaniyalik Nikita Putilovni taslim etib, navbatdagi bosqichga yo‘l oldi.
Bugun, 9 sentyabr kuni O‘zbekiston terma jamoasining quyidagi charm qo‘lqop ustalari navbatdagi janglarini o‘tkazadi.
48 kg: Sabina Boboqulova – Anjelika Krizistoforska (Polsha)
51 kg: Feruza Kazakova – Karolina De Almeida (Braziliya)
60 kg: Sitora Turdibekova – Rebekka Nikoli (Italiya)
70 kg: Aziza Zokirova – Ayisha Muller (Germaniya)
50 kg: Shodiyorjon Meliqo‘ziyev – Omer Izas (Avstraliya)
55 kg: Mirazizbek Mirzakarimov – Mehdi Kazemi (Eron)
65 kg: Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev – Ismoil Umar (Finlyadiya)
80 kg: Javohir Ummataliyeva – Kim Minseong (Koreya Respublikasi)
85 kg: Akmaljon Isroilov – Lachlan Lavson (Avstraliya)
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA