Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek bokschilari Osiyoda tengsiz
22:55 / 2022-01-29

Bugun 29 yanvar kuni poytaxtimizda 9 kun davomida shiddatli janglarga boy bo‘lgan 22 yoshgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi Osiyo chempionati o‘z payoniga yetdi.

Murosasiz bahslar davomida qizlar o‘rtasida 12 ta, o‘g‘il bolalar o‘rtasida esa 13 ta vaznda qit’a chempionlari aniqlandi.

Qit’aning 12 ta davlatidan 150 nafarga yaqin o‘g‘il-qizlar ilk bor ushbu yosh toifasidagi chempionatda ishtirok etganligi jahon boksining o‘ziga xos voqeasi bo‘ldi.

Qizlar o‘rtasidagi musobaqalar sarhisobiga ko‘ra, 5 nafar vakilimiz final yo‘llanmasiga ega chiqqandi.

Ularning 4 nafari oltin medallarga sazovor bo‘ldi. Bir nafari bugungi janglar natijasiga binoan kumush medalni qo‘lga kiritib, mamlakatimiz ayollar boksidagi yuksalishni ko‘rsatdi.

O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi 13 ta vaznning 12 tasida yurtimiz yosh charm qulqop ustalarining oltin medallarga ega chiqqanligi quvonchli voqea bo‘lganini e’tirof etmoq joiz. Bu, O‘zbek boksining yangi avlodi katta sport maydoniga kirib kelganini namoyish etdi.

Yakunlangan qit’a chempionatida mamlakatimizning umidli sportchilari umumiy hisobda 16 ta oltin, 1 ta kumush, 3 ta bronza, jami 20 ta medallar shodasiga ega chiqqan holda Osiyo chempionatida umum jamoada 1 o‘rinni egalladi.

Chempionat yakunlari haqidagi batafsil maqolani ertaga O‘zA saytida o‘qishingiz mumkin.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA