Belarusda nihoyasiga yetib borayotgan II MDH sport o‘yinlarida kecha boks bo‘yicha Olim Muhamedov boshchiligidagi o‘mirlar terma jamoamiz a’zolari nafaqat kunning, balki musobaqaning haqiqiy qahramonlari sifatida sharaflandi. Vitebsk viloyati Orsha shahrida tashkil etilgan boks musobaqasi esa O‘zbekiston triumfiga aylandi.
Bir necha misol keltiraman. Jamoamiz turnirda to‘liq tarkibda qatnashdi: qizlarimiz ham, o‘g‘il bolalarimiz ham barcha 13 vazn toifasida ringga tushishdi. 26 nafar sportchimizning hammasi shohsupaga ko‘tarildi. Bunday natija juda kamyob hodisa – sport statistikasini tahlil qilib ko‘rish kerak. Bir kun avval bokschi qizlarimizdan 6 nafari oltin medallarga ega chiqqandi. Kecha esa 7 nafar yosh charm qo‘lqop ustasi sharafiga yetti bor Vatanimiz madhiyasi yangradi. Samandar Olimov (54 kg), Abdulloh Madaminov (60 kg), Boburbek Bobojonov (63,5 kg), Shavkatjon Boltayev (71 kg), Fazliddin Erkinboyev (75 kg), Javohir Ummataliyev (81 kg) va Halimjon Mamasoliyev (92 kg) nafaqat raqiblariga, balki hakamlarga ham hech qanday imkoniyat qoldirishmadi. Zero, II MDH sport o‘yinlari ham, tabiiyki, odatiy holat – hakamlar tomonidan maydon egalariga nisbatan bildirilayotgan xayrixohlik tuyg‘usidan xoli kechmayapti. Finalga chiqqan bokschilarimizning hammasi ringda raqiblaridan bir emas, bir necha pog‘ona ustunliklarini namoyish qilishdi. Hal qiluvchi to‘qnashuvlarda Rossiyaning 2 nafar, Belarusning bir sportchisi tom ma’noda taslim etildi. 2 vakilimiz uchrashuvni muddatidan oldin yakunlari: bunday vaziyat ham havaskor boks finallarida kam qayd etiladi.
Ulardan biri – Fazliddin Erkinboyev musobaqaning eng kuchli bokschisiga atalgan maxsus sovrinni qo‘lga kiritdi. “Eng yaxshi murabbiy” nominatsiyasi g‘olibini aniqlab o‘tirishning ham hojati bo‘lmadi – terma jamoamiz bosh murabbiyi Olimjon Muhamedov. Bunga hech kimda hech qanday shubha-shumon bo‘lishi mumkin emas.
Qisqa xabar shaklida yozmoqchi bo‘lganimiz biroz cho‘zilib, maqolaga aylanib ketdi, o‘quvchilarimiz buni to‘g‘ri tushunishar, degan umiddaman. Hali bu voqea – boks bo‘yicha O‘zbekistono‘smirlar termasining Belarusda bo‘lib o‘tgan MDH sport o‘yinlaridagi ishtiroki haqida chunon gapiriladi, yoziladi.
Raqamlar ko‘payib ketgan bo‘lsa-da, yana bir ma’lumotni qayd etmay ilojimiz yo‘q: 11 avgustgacha, ya’ni musobaqa boshlangandan keyin – roppa-rosa bir hafta davomidadelegatsiyamiz hisobida 15 ta oltin medal yig‘ildi, oxirgi ikki kun bokschilarimiz 13 bor shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilib, bu raqam 26 taga yetdi.
Shu kuni mamlakatimiz vakillari sambo, karate va mini futbol turlarida ham jamg‘armamizga 2 ta oltin, 1 ta kumush, 6 ta bronza medal qo‘shib qo‘yishdi.
Hali bu hammasi emas. Yigit-qizlarimizni qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz.
G‘ayrat XONNAZAROV, O‘zA
Orsha, Belarus