9-may – Xotira va qadrlash kuni
Ikkinchi jahon urushining dahshati va fojialari haqida ko‘p gapirish mumkin. Bu urushda o‘zbek xalqining ham qanchadan-qancha o‘g‘lonlari qurbon bo‘ldi. Urush qoldirgan jarohatlar necha yillar o‘tsa ham insoniyat xotirasidan o‘chmaydi. Buni unutishga avlodlarning haqqi yo‘q.
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Nurafshon business city” hududidagi 1,2 gektar maydonda Zulfiya Zokirova nomidagi memorial yodgorlik majmuasi barpo etildi.

Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi Xonobod qishlog‘ida yashagan Zulfiya Zokirova Ikkinchi jahon urushida besh o‘g‘lidan – Isoqjon, Ahmadjon, Mamajon, Vahobjon, Yusufjondan judo bo‘lgan. Urush tufayli, kelinlar beva, nabiralar yetim qolgan.
Prezidentimiz tashabbusi bilan Zulfiya Zokirovaning matonatli hayot yo‘li haqida badiiy film yaratildi. Bugun O‘zbekistonda Zulfiya Zokirovani bilmaydigan, u haqdagi filmni ko‘rmagan odam yo‘q.

Zulfiya Zokirova oilasi misolida Ikkinchi jahon urushi o‘zbek xalqiga qanchalik musibat keltirganini tasavvur etish mumkin.
Majmua hududiga 15 turdagi mingdan ziyod gullar ekildi. Shuningdek, xorijdan keltirilgan 6 xil turdagi 500 dan ziyod manzarali nihol hamda 5 mingdan ortiq buta, 100 ga yaqin noyob turdagi archa ko‘chatlari o‘tqazildi. Hududning 7 ming kvadrat metr maydoniga chim yotqizilib, majmuaning yon tomoniga Toshkent kanalidan alohida 1,9 kilometr tabiiy suv irmog‘i tortib kelindi. Ekilgan nihol va gullarni tejab sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Memorial majmuaning qurilishi va atrofini obodonlashtirish uchun 4,8 milliard so‘m miqdorida mablag‘ sarflandi.

Mazkur majmua eng so‘lim va sokin joy bo‘lishi bilan birga, tarixda sodir bo‘lgan mudhish urushdan saboq chiqarib, bugungi tinchlik, osuda hayotga shukrona keltirish, uning qadriga yetish, shu bilan birga o‘tganlarga ehtirom va hurmat ko‘rsatishga undovchi maskan bo‘lib xizmat qiladi.
Bu yodgorlik majmuini ziyorat qilgan, yaratilgan bog‘ni aylangan insonlarda urushlarga nafrat tuyg‘usi uyg‘onishi bilan birga buyuk momolarimiz, ularning mard o‘g‘lonlari jasorati, matonatidan g‘ururlanish hissi ham paydo bo‘ladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/IlSMJg9X3Rg" title="9-may – Xotira va qadrlash kuni" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Musayev, (video) O‘zA muxbiri