Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek ayolining imtiyozlari
16:31 / 2022-02-22

bugungi kunda ayollarning davlat va jamiyat hayotida o‘sish jarayoni sifat jihatidan yangi bosqichga o‘tganini yangi O‘zbekistonning eng katta yutug‘i deb e’tirof etsak, xato bo‘lmaydi.

Barcha sohalarda, jumladan ijtimoiy-iqtisodiy, boshqaruv va ishlab chiqarish jabhalarida band o‘zbek ayollarining ulushi sezilarli darajada oshib bormoqda. Bundan ko‘rinadiki, ayollarimiz nafaqat ijtimoiy sohalarda, balki sanoat va qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish, xalq farovonligini yuksaltirish yo‘lida ham salmoqli hissa qo‘shmoqda. Buning tasdig‘i sifatida ayollarga berilayotgan imkoniyatlardan ham ko‘rishimiz mumkin. Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan 150 nafar deputatlarning 48 nafari yoki 32 foizini xotin-qizlar tashkil etib, Senatda esa bu ko‘rsatkichning qariyb 25 foizi, mahalliy kengashlar deputatlaridan 31 foizi esa ayollardir. Ta’kidlash joizki, dunyodagi 190 ta milliy parlament o‘rtasida ayol deputatlar soni bo‘yicha O‘zbekiston parlamenti 128- o‘rindan 37-pog‘onaga ko‘tarilgani ham quvonarli xolat. 

Darhaqiqat, yurtimizning zamonaviy o‘zbek ayoli, bu — ta’lim olib, kasb egallayotgan, xizmat darajasi pillapoyalaridan ko‘tarilib, davlat va jamiyat hayotida muntazam faol qatnashayotgan shaxsdir. Shu bilan birga, ayol bu uy bekasi, kelajagimiz tarbiyachisi, oila a’zolari sog‘lig‘i uchun qayg‘uradigan shifokordir. Siyosiy hayotda ham faol bo‘lgan xotin-qizlarimiz aynan mana shunday xislatlari tufayli qonunlarning yanada hayotiy bo‘lishi va aniq masalalar, muammolarning yechimlarini topish uchun harakat qilishadi. Shuningdek, doimiy ish joyi va daromad manbaiga ega bo‘lish har bir ayolga ijtimoiy faolligini, hayotiy pozitsiyasini namoyon etishida hal qiluvchi omil hisoblanadi.

E’tirof etish joizki, O‘zbekistonda xotin-qizlar masalasiga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, hayotimizning eng muhim sohalari fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’atdagi xodimlarning 75 foizga yaqinini xotin-qizlar tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirish, ularning turli soha va tarmoqlarda o‘z qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoit yaratish, onalik va bolalikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ishlarini yanada rivojlantirishni talab etadi. 

Mamlakatimizdagi har bir ishlab chiqilayotgan milliy qonunchiligimiz inson huquqlari sohasidagi xalqaro-huquqiy standartlar bilan uyg‘unlashtirilib borilmoqda. Ayollarning huquqlari inson huquqlarining ajralmas qismi bo‘lib, Xalqaro Mehnat Tashkilotining “Onalikni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi 103-sonli Konvensiyasiga ko‘ra, ayol atamasi yoshi, millati, irqi yoki e’tiqodi, nikohda bo‘lish yoki bo‘lmasligidan qat’i nazar, ayol jinsiga mansub har qanday shaxsni anglatadi deb belgilab qo‘yilgan. 

Shuningdek, 1979 yil 18 dekabrda qabul qilingan “Ayollarni kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risida”gi Konvensiyaga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995 yil 6 maydagi qaroriga asosan qo‘shilganligi ham tahsinga sazovordir. Mazkur konvensiya va boshqa xalqaro huquqiy hujjatlarda bayon etilgan ayollarning huquqlariga oid qoidalar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida o‘zining to‘liq aksini topgan. 

Shu bilan birga, mehnat qonunchiligiga ko‘ra, ayollarga bir qancha imtiyozlar nazarda tutilgan, jumladan, homilador ayollarni va uch yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollarni — ularning homiladorligi yoki bolasi borligini vaj qilib ishga qabul qilishni g‘ayriqonuniy ravishda rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi, aksincha ishga qabul qilish rad etilgan taqdirda ish beruvchi rad etishning sabablarini ularga yozma ravishda ma’lum qilishi shart. Mazkur shaxslarni ishga qabul qilishni rad etganlik ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Mazkur holatda ish beruvchi Jinoyat kodeksining 148-moddasiga muvofiq, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilangan. 

Homilador ayollar, uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar ishga qabul qilinganda, shuningdek xodimlar bilan olti oygacha muddatga mehnat shartnomasi tuzilib, ishga qabul qilinganda dastlabki sinov belgilanmaydi. Bundan tashqari, uch yoshga to‘lmagan bolalari bor, byudjet hisobidan moliyaviy jihatdan ta’minlanadigan muassasalar va tashkilotlarda ishlayotgan ayollarga ish vaqtining qisqartirilgan muddati belgilanadi va yillik mehnat ta’til ayollarga — homiladorlik va tug‘ish ta’tili oldidan yoki undan keyin ularning xohishi bo‘yicha olti oy o‘tmasdan oldin beriladi.

Mehnat qonunchiligida ikki yoshdan uch yoshgacha bo‘lgan bolani parvarish qilayotgan ayollarga, o‘n ikki yoshga to‘lmagan ikki va undan ortiq bolani tarbiyalayotgan ayollarga ularning xohishiga ko‘ra, ish haqi saqlanmagan holda muqarrar tartibda ta’til berilishi, ayollarning ular uchun mumkin bo‘lgan normadan ortiq yukni ko‘tarishlari va tashishlari man etilishi belgilangan. 

Ta’kidlash joizki, o‘zbek ayollarining davlat tomonidan ma’naviy va huquqiy jihatdan himoya etilishi ayollarni kamsitishning har qanday shakllariga barham berish majburiyatini ta’minlanishi bilan diqqatga sazovordir. Ushbu isloxotlarning mantiqiy davomi sifatida, qonunlarimizda xotin-qizlar uchun parlamentdagi saylovlarda 30 foizlik kvota mavjudligi ham ayolning jamiyatda o‘z o‘rniga ega ekanligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, kelgusida ayollar uchun ko‘zda tutilayotgan imkoniyatlar ham talaygina. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvarda qabul qilingan yettita ustuvor yo‘nalishdan iborat “2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmonida xotin-qizlarimizning haq-huquqlarini himoya qilish, ularni oliy ta’limga yanada ko‘proq qamrab olishga alohida e’tibor qaratilgani, «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimida yordamga muhtoj ayollar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar bo‘yicha alohida ma’lumotlar bazasini yaratish, «Temir daftar», «Yoshlar daftari» va «Ayollar daftari»ni «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» bilan integratsiya qilinayotgani ham bejiz emas. 

Bundan tashqari, ayollarga pensiya hisoblashda ularning bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lish vaqtining hammasini jamlaganda ish stajiga qo‘shib hisoblanadigan 3 yillik davrni 6 yilga oshirish va bolalikdan nogironligi bo‘lgan bolalarga 18 yoshgacha qaralgan davrni pensiya tayinlashda ish stajiga qo‘shib hisoblash ham nazarda tutilayotgani ayollarga berilayotgan imtiyozlarning yana bir ko‘rinishidir.

Mazkur Farmonda reproduktiv yoshdagi va homilador ayollar, bolalar uchun yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash yuzasidan bir qancha vazifalar amalga oshirilishi belgilangan, jumladan, tug‘ruq komplekslarini xatlovdan o‘tkazib, rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari olib borilishi lozim bo‘lgan ro‘yxatini shakllantirish va ro‘yxat asosida rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari olib borish, tumanlararo perinatal markazlarni tashkil etish, ularni qadrlar, zarur tibbiy texnika va buyumlar bilan ta’minlash va yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, xotin-qizlarning ta’lim olishiga qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish, ilm-fan sohasida ayollarning o‘rnini yanada oshirish, xotin-qizlar o‘rtasida biznes ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha bepul o‘quv amaliy kurslarini tashkil etish, imtiyozli kreditlar va lizing ajratish, xotin-qizlarni ishga jalb qilgan holda kooperatsiya usulida tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, «Ayollar daftari»ga kiritilgan va jarrohlik amaliyotini o‘tkazish lozim bo‘lgan xotin-qizlarning tibbiy muolaja xarajatlarini qoplab berish, «Ayollar daftari» orqali xotin-qizlarning muammolarini hal etish amaliyotini o‘rganish va tahlil qilish, ayollar orasidagi ishsizlik darajasini 2 baravar kamaytirish, 700 mingdan ziyod ishsiz xotin-qizlarni davlat hisobidan kasb-hunarga o‘qitish, ish bilan band bo‘lmagan xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish va o‘zini o‘zi band qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Bunday imkoniyatlar o‘zbek ayollari uchun davlatga, oilasiga, jamiyatga nisbatan munosabatini yanada yaxshilash, mas’uliyatni his qilish, ahil munosabatni shakllantirish, davlatimizning xalqchil siyosati ostida birlashishni talab qiladi.

Bunday ezgu ishlarga javob tariqasida bag‘rikeng, mehnatkash, oqila ayollarimiz o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shadilar degan umiddamiz.

Qunduz Rozimova,
TDYUU Jinoyat huquqi, kriminologiya va 
korrupsiyaga qarshi kurashish kafedrasi
dotsent v.b, yu.f.f.d.(PhD).

Azizaxon Allanova,
TDYUU Jinoyat huquqi, kriminologiya va
korrupsiyaga qarshi kurashish kafedrasi
dotsent v.b, yu.f.f.d.(PhD).

O‘zA