Yaqinda Qatar Davlati milliy kutubxonasi nodir fondi “O‘zbekiston qizlarining ovozi: madaniyatlar o‘rtasida ko‘prik va dunyo uchun ilhom” nomli xalqaro antologiyasi bilan boyidi.
Diyorimizdagi iqtidorli yosh qizlarning she’r, hikoya, maqola va esselaridan iborat mazkur to‘plam yoshlarimizning orzu-umidi, ilmga intilishi va jamiyat taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasini ifodalaydi.
Antologiyani Qatar milliy kutubxonasiga Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi, “Shine” qizlar akademiyasi rahbari Shohida Yusupova boshchiligidagi o‘zbekistonlik talabalar delegatsiyasi tantanali tarzda topshirdi.

Do‘stlik, hamkorlik ruhida o‘tgan tadbirda mamlakatimizning Dohadagi elchixonasi vakillari, kutubxona rahbariyati va delegatsiyamiz a’zolari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida ikki davlat o‘rtasidagi adabiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, yoshlar ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash va o‘g‘il-qizlarimiz iqtidorini xalqaro miqyosda targ‘ib etish masalalari ko‘tarildi.
– Bu to‘plam orqali nafaqat o‘zbek qizlari ovozi, balki Vatanimizning boy madaniyati va tarixini ham jahon sahnasiga olib chiqishni maqsad qildik, –dedi Sh.Yusupova O‘zA muxbiriga.
Mazkur tashabbus yoshlarimiz ijodini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish, O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi madaniy hamkorlik hamda diplomatiya aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘.Alimov, O‘zA