English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zbek-Amerika” vatandoshlar jamiyati bilan hamkorlik memorandumi imzolandi
12:39 / 2020-12-11

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik alokalari qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbonov va “O‘zbek-Amerika” vatandoshlar jamiyati raisi Olim Sharipov o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuv AQSHdagi “O‘zbek-Amerika” vatandoshlar jamiyati o‘rtasida anglashuv memorandumini imzolash hamda kelgusida ikki tashkilot o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Onlayn uchrashuvda Qo‘mita raisi R.Qurbonov qo‘mitaning maqsad va vazifalari hamda faoliyati haqida qisqacha to‘xtalib, ushbu uchrashuv “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”ning tegishli bandida ko‘rsatilgan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilganligi bilan ham ahamiyatli ekanligini qayd etdi.

Qo‘mita va Jamiyat hamkorligi natijasida o‘tgan yillar davomida AQSHdagi vatandoshlar farzandlari va O‘zbekiston maktab o‘quvchilari o‘rtasida insholar tanlovining o‘tkazilishi , 2019 yilda O‘zbekiston delegatsiyasining AQSHga xizmat safari chog‘ida Chikago shahridagi “O‘zbek-Amerika” jamiyati markazi faoliyati bilan uchrashilgani mazkur yo‘nalishdagi samarali faoliyat natijasidir. 2019 yilda AQSHdagi vatandoshlarning 20 nafarga yaqin farzandlari uchun “Yoshlik” oromgohida 2 haftalik hordiq tashkil etildi hamda birgalikda 10 ga yaqin onlayn uchrashuvlar o‘tkazildi.

Yakunlanib borayotgan 2020 yil butun dunyoda hali hanuz davom etayotgan koronavirus pandemiyasi sababli ko‘plab rejalashtirilgan ishlarga to‘sqinlik qilgani taassuflidir. Shunday og‘ir sharoitda “O‘zbek-Amerika” jamiyati tomonidan ko‘plab xayriya tadbirlari amalga oshirildi. Ayni paytda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan bir qator loyihalar hamkorlikda amalga oshirildi. Shu bilan birga, 2021 yilda ham pandemiyaga moslashgan holatda hamkorlikda ish olib borishga to‘g‘ri kelishi mumkinligi uchrashuvda ta’kidlandi.

Qo‘mita 2021 yilda mazkur tuzilma bilan hamkorlikda o‘zbek milliy bayramlari, turli seminar va konferensiyalar, yosh vatandoshlarimiz uchun yozgi oromgoh tashkil etish istiqbollarini ko‘rib chiqayotgani ma’lum qilindi.

AQSHdagi “O‘zbek-Amerika” vatandoshlar jamiyati raisi Olim Sharipov jamiyatning maqsad va vazifalari, faoliyati hamda u tomonidan tashkil etib kelinayotgan tadbirlar va loyihalar haqida ma’lumot berib o‘tdi.

Uchrashuv yakunida Qo‘mita va AQSHdagi “O‘zbek-Amerika” vatandoshlar jamiyati o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolanib, tomonlarning o‘zaro birgalikda ish olib borish masalalarida ko‘maklashish va hamkorlik qilishga kelishildi. Shuningdek, onlayn uchrashuvda bir qator yangi takliflar bildirildi.