Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek adibining kitobi Bishkekda nashr qilindi
18:53 / 2025-05-24

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, andijonlik taniqli hajvchi adib Habib Siddiqning “Amriqolik qo‘shnilarim” kitobi Bishkekdagi “Uluu toolor” nashriyotida “Amerikalыk koңshularыm” nomi bilan qirg‘iz tilida chop etildi.

Adibning ko‘p yillik ijodidan saralangan va to‘plamdan o‘rin olgan hajviya va hangomalarni tarjimonlar Aytmirza Abilqosimov, Uchqun Abdilazizov, To‘raboy Jo‘rayev qirg‘iz tiliga o‘girganlar.

Mas’ul muharrir – Qirg‘iz xalq oqini Mark-abay Aamatov. So‘zboshi muallifi – filologiya fanlari doktori Bahodir Rahmonov.

Taqrizchi – Begijon Ahmedov.

Kitobdagi karikaturalarni rassom Husan Sodiqov ishlagan.

–  O‘n bosma taboq hajmdagi mazkur to‘plam Habib Siddiqning qirg‘iz tilida chop etilgan ikkinchi kitobidir, – dedi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi Yangiboy Qo‘chqorov. - Uch yil avval uning “Nыmkese” (“Nimkosa”) nomli kitobi qardoshlar yurtida nashrdan chiqqan va qirg‘iz kitobxonlariga manzur bo‘lgani e’tirof etilgan edi. O‘zbek hajvchi yozuvchisining asarlari mamlakatimiz sarhadlaridan tashqarida ham o‘z o‘quvchilarini topib borayotganidan xursandmiz.

Aytish kerakki, Habib Siddiq 1953 yilda Andijon viloyati Andijon tumanining Bo‘taqora qishlog‘ida tug‘ilgan. 1976 yilda Andijon paxtachilik – hozirgi Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutining Gidromelioratsiya fakultetini imtiyozli tamomlagan.  

O‘sha yildan boshlab mazkur institutda ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug‘ullandi. Ko‘p yillar davomida ushbu oliy o‘quv dargohining  Ma’naviyat targ‘ibot markazi rahbari, ma’naviyat va ma’rifat masalalari bo‘yicha prorektor vazifasida faoliyat yuritgan.

Habib Siddiq – yetmishdan ortiq ilmiy-ommabop maqolalar va uslubiy qo‘llanmalar muallifi. Turli yillarda uning “Kar quloqqa tanbur”, “Kim oshdi savdosi”, “To‘qayga o‘t tushsa”, “Bedavo dardning davosi”, “Inglizcha tush” kabi hikoyalar va hajviyalar to‘plamlari, “Hayot yo‘lga o‘xshaydi” nomli publitsistik kitobi chop etilgan. O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalarining a’zosi.  

Adibning samarali mehnatlari istiqlol yillarida yuksak qadrlanib, “Shuhrat” medaliga munosib topilgan.  

N.Usmonova, O‘zA muxbiri