O‘zbek adibi va dramaturgi, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Qo‘chqor Norqobil asarlari horijda, jumladan, Serbiya davlatida ham o‘z o‘quvchilariga ega.
Taniqli adibning mazkur mamlakatda “Ko‘zlaringni ko‘rgani keldim”, “Olisdagi tasodif” nomli kitoblari serb tilida bosilgach, qator hikoyalari bosma va elektron nashrlarda muntazam chop etila boshladi.
Yaqinda Qo‘chqor Norqobilning “Meni kechiring, Katta Ena!” hamda “Yurakdagi bomba” hikoyasi Serbiyaning “Pokazivac” adabiy nashrida e’lon qilindi.
O‘zbek adibining asarlarini Serbiya Yozuvchilar birligi a’zosi, taniqli adiba, professor Valentina Novkovich ruschadan o‘z ona tiliga o‘girgan.

– Men Qo‘chqor Norqobilning rus tilida chop etilayotgan deyarli barcha asarlarini doimo o‘qib boraman. Uning ijodidagi o‘ziga xoslik shundaki, mutolaa jarayonida o‘quvchi ham mohirona tasvirlangan voqealar ishtirokchisiga aylanib qoladi. Muhimi, u inson qalbi va ruhiyatidagi kechinmalarni ravon tasvirlaydi. O‘z millatdoshlari xarakterini tiniq chiza oladi. O‘zbeklarga xos milliy qadriyatlar timsolida umuminsoniy ezgu g‘oyalarni talqin qiladi. Shuning uchun ham yozuvchi ijodini boshqa millat vakillari, xususan, serblar ham o‘ziga yaqin oladi. Ayniqsa, urush va muhabbat, tiriklik va o‘lim mohiyati badiiy ifodalangan qissa hamda hikoyalari o‘quvchi qalbini larzaga soladi,– deya e’tirof etadi tarjimon adibning galdagi chop etilishi rejalashtirilgan “Ko‘l qa’ridan qaytgan muhabbat” kitobiga yozgan so‘zboshisida.
Albatta, bunday adabiy hamkorlik xalqlar o‘rtasida do‘stlik va qadrdonlik, adabiy-ma’rifiy rishtalarning mustahkam bog‘lanishi, adabiyotimiz mavqeini dunyo bo‘ylab yuksalishiga xizmat qiladi.
N.Usmonova, O‘zA muxbiri