So‘nggi yillarda O‘zbekistonda energetika sohasini modernizatsiya qilish va milliy iqtisodiyotni barqaror energiya bilan ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Quyosh va shamol energiyasi kabi qayta tiklanuvchi manbalardan samarali foydalanish bilan bir qatorda, davlat energetika tizimida atom energetikasini joriy etish ham strategik ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Bu esa mamlakatning energetik mustaqilligini ta’minlash, elektr energiyasiga bo‘lgan ichki talabni qondirish va sanoatni barqaror rivojlantirish uchun muhim qadamdir.

Bugungi kunda "O‘zatom" agentligi tomonidan atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Birinchi AES loyihasini amalga oshirish jarayonida xalqaro tajribani o‘rganish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va ishlab chiqarish salohiyatini rivojlantirish maqsadida yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik kengaytirilmoqda.

Jumladan, atom energetikasi infratuzilmasini shakllantirishda zamonaviy turbina uskunalari va yuqori quvvatli energetik tizimlarni ishlab chiqarish katta ahamiyat kasb etadi. Aynan shu maqsadda "O‘zatom" agentligi delegatsiyasi amaliy safar chog‘ida Italiyaning energetik mashinasozlik sohasidagi yetakchi ishlab chiqaruvchilaridan biri - “Ansaldo Energia” kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib bordi va kompaniyaning ishlab chiqarish quvvatlari bilan tanishdi.
Ta’kidlash kerakki, “Ansaldo Energia” kompaniyasi dunyoda turbina uskunalari va ularning tarkibiy qismlarini ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Bu yerda rotorlar, ishchi va turbinalarning yo‘naltiruvchi kuraklarini ishlab chiqarish jarayonlari amalga oshiriladi. Elementlarni tayyorlashda qo‘llaniladigan zamonaviy texnologiyalar, ya’ni elektroerozion ishlov berish (EDM), qizdirilgan holda ishlov berish, shuningdek, kompaniyada ishlab chiqilgan innovatsion usulda og‘ir rotorlarni payvandlash ishlari o‘ziga xosligi va murakkabligi bilan e’tiborlidir.
Tanishuv chog‘ida delegatsiya a’zolariga energetika tarmog‘i uchun turli quvvatdagi turbogeneratorlarning ishlab chiqarish jarayoni va tashkil etilishi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tashrif davomida delegatsiya o‘rta va katta quvvatli turbinalarni yig‘ish zonasi hamda katta quvvatli gaz turbinalarini ishlab chiqarish jarayonini yakunlash uchun mo‘ljallangan yangi montaj uchastkasi bilan tanishdi. Zavod kichik quvvatli ixcham qurilmalardan tortib, 1 ming megavattdan yuqori quvvatli mashinalarni ishlab chiqarish imkoniyatiga ega ekanligi ta’kidlandi.
“O‘zatom” agentligi axborot xizmatining xabar qilishicha, mazkur tanishuv “Ansaldo Energia kompaniyasi keng ko‘lamli talablarni qondira oladigan turbinalar va komponentlar assortimentiga ega ekanligini tasdiqlaydi. Ehtimoliy hamkorlik nuqtai nazaridan ushbu tashrif keyingi muloqot va texnik muhokamalar uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi. Keyingi qadam esa O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurish loyihasi talablariga muvofiqligini baholash uchun chuqurlashtirilgan texnik hamkorlik va parametrlarni muvofiqlashtirishdir.
N.Ziyodullayeva, O‘zA