O‘zbekistonda atom energetikasi sohasini rivojlantirish jarayonida ilg‘or tajriba va zamonaviy yadro texnologiyalarini o‘rganish, malakali mutaxassislarni tayyorlash hamda xavfsiz energetika yechimlarini joriy etish muhim ustuvor vazifalardan sanaladi.
Shu maqsadda “O‘zatom” agentligi va AES qurilishi direksiyasi xodimlaridan iborat delegatsiya xizmat safari bilan Rossiya Federatsiyasidagi Novovoronej atom elektrstansiyasida bo‘ldi.
Xalqaro atom energiyasi agentligi bilan hamkorlik doirasida amalga oshirilgan mazkur tashrif davomida qatnashchilar Rossiya yadro energetikasi tizimida qo‘llanilayotgan ilg‘or amaliyotlar, xususan kichik moduli reaktorlar texnologiyasi, ularning loyihalashdagi o‘ziga xos xususiyatlari va texnik yechimlari bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, sanoatda yadro texnologiyalaridan foydalanish, yadro yoqilg‘isi aylanma siklining bosqichlari, radioaktiv chiqindilarni boshqarish standartlari bo‘yicha ham atroflicha ma’lumot berildi. Novovoronej AES hamda “Rosatom” davlat korporatsiyasi Texnik akademiyasi bazasida tashkil etilgan o‘quv dasturida nazariy mashg‘ulotlar, maxsus trenajyorlarda amaliy mashqlar va laboratoriya sharoitida tajribalar o‘tkazildi.
“O‘zatom” agentligi axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Novovoronej atom elektrstansiyasi Rossiyada VVER turidagi reaktorlarga ega ilk stansiya hisoblanadi. Voronej viloyatini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlab kelayotgan mazkur inshoot Don daryosining sohilida, Voronej shahriga yaqin hududda joylashgan.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari atom stansiyalarida xavfsizlikni ta’minlashning ko‘p bosqichli yondashuvi, passiv himoya tizimlarining afzalliklari, shuningdek, jahonda kichik moduli reaktorlar rivojlanishining zamonaviy tendensiyalari bo‘yicha batafsil ma’lumotga ega bo‘ldi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA