AOKAda “O‘zarxiv” agentligi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 8 apreldagi “Talabgorlarni arxiv hujjatlarini tartibga keltirishga kompetentligi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.
Unda “O‘zarxiv” agentligi matbuot xizmati rahbari Anvarjon Aliyev ma’lumot berdi. Qayd etilganidek, mazkur qaror byurokratik talablar va jarayonlarni bekor qilish orqali ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish va arxiv tomonidan ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini yangi bosqichga olib chiqish hamda mazkur davlat xizmatini foydalanuvchi uchun qulay shaklda ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Qarorga ko‘ra, taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqish, qaror qabul qilish muddatlari hamda rad etish asoslari aniq belgilandi. Talabgor attestatsiyadan masofaviy yoki an’anaviy o‘tishi mumkinligi hamda ushbu jarayon ovozli videotasvirga tushirilishi, kasbiy kompetentlik guvohnomasini rasmiylashtirish QR-kod orqali amalga oshirilishi va uning elektron reyestri shakllantirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, kasbiy kompetentlik guvohnomasini qayta rasmiylashtirish, to‘xtatib turish va bekor qilish asoslari tartibga solindi.
Talabgorlarni arxiv hujjatlarini tartibga keltirishga kompetentligi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga ko‘ra attestatsiya arxivlarni tashkil etish va arxiv xodimlari bilan mehnat shartnomasini tuzish, shuningdek, talabgorning egallab turgan lavozimiga to‘siq bo‘la olmaydi.
Davlat xizmatini ko‘rsatish tartibi quyidagicha. Jumladan, talabgor o‘zi xohishiga ko‘ra Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali so‘rovnomani elektron shaklda yuboradi. So‘rovnomaga so‘nggi uch yilda arxiv ishi bo‘yicha malaka oshirganini tasdiqlovchi hujjat nusxasi hamda tegishli arxiv muassasasi yoki tashkilot rahbarining tavsiya xati ilova qilinishi lozim.
Vakolatli organ so‘rovnoma tushgan kundan boshlab 1 ish kunida talabgorning attestatsiyaga qo‘yilishi yoki qo‘yilmasligi xaqida xabardor qiladi. O‘tkazilgan attestatsiya natijasi bo‘yicha 2 ish kunida tegishli guvohnoma yuboriladi. Guvohnoma egasi arxiv hujjatlarini faqat o‘zi faoliyat yuritadigan tashkilotda tartibga keltiradi yoki uning nomidan boshqa tashkilotlarga xizmat ko‘rsatadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA