Poytaxtimizda “O‘zarxiv” agentligi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.
Unda ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda arxiv sohasida korrupsiyani jilovlash maqsadida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirib kelinmoqda. Natijada ijobiy o‘zgarishlar va yutuqlarga erishilmoqda.
Xususan, “O‘zarxiv” agentligi boshqaruv faoliyatiga ISO 9001:2015 – Sifat menejmenti tizimi hamda ISO 37001:2016 – Korrupsiyaga qarshi kurashish menejmenti tizimi xalqaro standartlari talablari asosida birlashtirilgan boshqaruv tizimi joriy etilgan. “CERT International” MCHJ sertifikatlash auditi xizmati tomonidan tashqi audit o‘tkazilib, yakuniy olingan xulosalarga ko‘ra Agentlik tomonidan olib borilayotgan boshqaruv faoliyati samarali va sifatli deb e’tirof etilib, xalqaro standartlar talablariga to‘la muvofiq deb baholandi.
Qolaversa, 2024 yil uchun davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan ochiqlik indeksi bo‘yicha “O‘zarxiv” agentligi 83,5 ball bilan yashil samaradorlik ko‘rsatkichini qayd etdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi bo‘yicha “O‘zarxiv” agentligining (ilk marotaba) 2024 yildagi faoliyati 76 ball bilan qoniqarli deb baholandi.
Agentlikda korrupsiyaga qarshi kurashishni tartibga solish maqsadida bir qator lokal hujjatlar qabul qilingan.
Shulardan yaqqol misol sifatida tizimda korrupsiyani keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarning oldini olish maqsadida Kadastr agentligi va “O‘zarxiv” agentligining 2025 yil 20 maydagi qo‘shma buyrug‘i imzolanganini aytish mumkin.
Unga muvofiq, endilikda Ko‘chmas mulkka kadastr pasportini rasmiylashtirish va unga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun DXM yoki YAIDXP orqali kelib tushgan arizaga yer ajratishga doir hujjatning QR-kodli (matrik shtrixli kod) arxiv ma’lumotnomasi taqdim etilgan taqdirda mazkur ma’lumotnomani “O‘zarxiv” agentligi tomonidan taqdim etiladigan axborot tizimi orqali, undagi ma’lumotlar davlat arxivida saqlanayotgan, yer ajratishga doir huquqiy hujjatning to‘liq matniga muvofiqligini tekshirish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Agentlik tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashishda barcha yo‘nalishda qat’iylik bilan qadam tashlanmoqda. Xususan, doimiy ravishda monitoring va nazorat tadbirlari tashkil etib borilmoqda.
Jumladan, 2025 yilda 8 ta o‘rganish o‘tkazilib, ularning 5 tasi “O‘zarxiv” agentligi, 3 tasi prokuratura organlarining tashabbusiga muvofiq amalga oshirilgan.
Shu bilan birga, “O‘zarxiv” agentligida Manfaatlar to‘qnashuvi deklaratsiyalarini o‘rganish asosida 1 ta haqiqiy manfaatlar to‘qnashuvi holati bartaraf etildi.
Shuningdek, o‘ziga nisbatan xizmat tekshiruvlari o‘tkazilgan rahbar va xodimlarning 1 nafari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi, 3 nafariga “Hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.
Korrupsion harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik va ularning oldini olish maqsadida agentlikka aloqa kanallari orqali korrupsiyaviy xatti-harakatlar to‘g‘risida xabar berish shart-sharoitlari yaratilgan.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA