AOKAda “O‘zarxiv” agentligi tomonidan arxiv hujjatlarini maxfiylikdan chiqarish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha brifing bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilganidek, davlatimiz rahbarining 2019 yil 20 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida “O‘zarxiv” agentligiga O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati bilan birgalikda davlat arxivlarida saqlanayotgan tarixiy davr, jumladan, 1917 yilgacha bo‘lgan arxiv hujjatlarini o‘rnatilgan tartibda maxfiylikdan chiqarish bo‘yicha choralarni ko‘rish vazifasi belgilangan edi.
Bu borada ko‘proq qiziqish uyg‘otadigan, talab etiladigan tarixiy davr maxfiy hujjatlarini maxfiylikdan chiqarish ishlariga aloxida e’tibor qaratildi.
Shunga ko‘ra, 2023 yil davomida “O‘zarxiv” agentligi xamda Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan O‘zbekiston Milliy arxivi fondlarida saqlanayotgan tarixiy davr arxiv hujjatlarini o‘rnatilgan tartibda maxfiylikdan chiqarish ishlari davom ettirildi.
Shuningdek, bu borada olib borilgan ishlar natijasida qo‘shimcha ravishda arxivning tarixiy davr maxfiy hujjatlariga tegishli “Turkiston general gubernatorining Devonxonasi”, Polkovnik A.G.Serebryannikov tomonidan tayyorlangan “Turkiston o‘lkasi, uni bosib olinishi tarixiga oid materiallar to‘plami” mavzusiga bag‘ishlangan hujjatlar nashriga oid ma’lumotlar fondining “Samarqand viloyati boshqaruvi Samarqand” tarixiy davr hujjatlari o‘rnatilgan tartibda maxfiylikdan chiqarildi.
O‘tgan yil davomida 23 ta saqlov birligidagi 1010 varaqda tarixiy davr hujjatlari o‘rnatilgan tartibda maxfiylikdan chiqarilib, tadqiqotchilar uchun ilmiy muomalaga kiritildi.
Olib borilgan ishlar natijasida arxivning tarixiy davr maxfiy hujjatlariga tegishli “Turkiston general gubernatorining Devonxonasi”, “Buxorodagi Russiya imperatorlik siyosiy agentligi”, “Zarafshon okrugi boshlig‘ining Devonxonasi”, “Sirdaryo rayonida axolini ko‘chirish boshqarmasi” hujjatlar o‘rnatilgan tartibda maxfiylikdan chiqarilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi mutasaddi vakillari bilan birgalikda O‘zbekiston Milliy arxivining “maxfiy” grifi ostida saqlanayotgan “Upolnomochennыy upravleniya po evakuatsii naseleniya pri Sovete Narodnыx Komissarov UzSSR” fondi va “Sovet Narodnыx Komissarov UzSSR” fondlarining 603 ta varaqdan iborat 264 yopiq hujjatlari o‘rnatilgan tartibda maxfiylikdan chiqarilib, ilmiy muomalaga kiritildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA