Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zarxiv” agentligi tomonidan 2024 yil 1 yarim yilligi davomida amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishini rivojlantirishning joriy yil 1 yarim yilligiga mo‘ljallangan rejasi bo‘yicha bajarilgan ishlar xususida ma’lumotlar berildi. Xususan, 1 yarim yillikka mo‘ljallangan rejaga ko‘ra, 20 ta ko‘rsatkichlar bo‘yicha ishlar bajarilib, shundan 19 ta ko‘rsatkich oshirib bajarilgani qayd etildi.
Jumladan, hisobot davrida O‘zbekiston milliy arxivlari va respublika davlat arxivlari tomonidan jami 1082,3 ming saqlov birligidagi 74,4 million kadr raqamlashtirilgan. Tasdiqlangan rejaga muvofiq, 2024 yil boshidan 62,2 ming saqlov birligidagi qariyb 7,2 million kadr raqamlashtirildi.
Hisobot davrida O‘zbekiston milliy arxivlari va davlat arxivlari tomonidan “Davlat arxivlarida raqamlashtirilayotgan hujjatlarning yagona saqlovini ta’minlash hamda ulardan foydalanish” axborot tizimiga jami 1 million 740 mingta ma’lumot kiritildi. Shundan 48 ming 954 ta fond, 54 ming 16 ta ro‘yxat, 910 ming 973 ta saqlov birligi va 726 ming 620 ta hujjat bazasi yaratildi.
[gallery-18309]
Tasdiqlangan rejaga muvofiq 6 oyda davlat arxivlari tomonidan axborot tizimiga 578 ming 303 ta ma’lumotlar kiritildi, shundan 468 ta fond, 3ming 307 ta ro‘yxat, 206 ming 177 ta saqlov birligi va 368ming 351 ta hujjat bazasi yaratildi va reja 143 foizga bajarilgan.
Agentlikka yarim yillik davomida jismoniy va yuridik shaxslardan jami 1006 ta murojaat kelib tushdi. Respublika arxivlariga 250 ming 350 ta mavzuli va ijtimoiy-huquqiy mazmundagi so‘rovlar kelib tushgan bo‘lib, ijrosi ta’minlandi.
“O‘zarxiv” agentligi, Arxiv ishi hududiy boshqarmalari tomonidan 2024 yil 1 yarim yillik davomida 170 ta tashkilotda nazorat tekshiruvlari o‘tkazildi. Arxivlar tomonidan tashkilot va korxonalarga qo‘llanilgan chora sifatida 148 ta taqdimnoma kiritilgan, 30 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga 6 ta material yuborilgan. Shuningdek, korxona va tashkilotlarda arxiv ishi va ish yuritish bo‘yicha uslubiy hamda amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha 324 ta yalpi o‘rganish, 225 ta mavzuli o‘rganish ishlari olib borildi.
2024 yil 28 mayda Vengriya Respublikasi Budapesht shahrida “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi hamda Vengriya Milliy arxivi o‘rtasida madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish to‘g‘risidagi kelishuvlarning bajarilishini ta’minlash bo‘yicha Amaliy harakatlar rejasi (2024-2028 yillar uchun)” imzolandi.
Qozog‘iston arxivlari saqlovidagi O‘zbekiston tarixi va madaniyatiga oid 280 ta kadr arxiv hujjatlari elektron nusxalari yurtimizga olib kelindi.
Gulnoza Boboyeva,
Oybek Pardayev(surat)
O‘zA