Qozog‘istonning Olmaota shahrida Yevroosiyo tadqiqot instituti tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar taqdimotiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.
Qozog‘istonning yetakchi “aql markaz”lari ekspertlari, oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari vakillari ishtirok etgan tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov yig‘ilganlarni O‘zbekistonda Taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar va ularning dastlabki natijalari bilan yaqindan tanishtirdi.

– Harakatlar strategiyasi doirasida O‘zbekistonda davlat boshqaruvi sohasida amalga oshirilgan ishlar mahalliy aholi va xalqaro hamjamiyat uchun ochiq va shaffof bo‘lgan yangi davrni boshlab berdi. Buni birgina iqtisodiy va ijtimoiy sohadagi o‘zgarishlar misolida ham ko‘rish mumkin.
Jumladan, davlatning iqtisodiyotdagi rolini pasaytirish, narxlarni erkinlashtirish, inflyatsiya va soliq yukini kamaytirish, iqtisodiyot tarmoqlarini diversifikatsiya qilish, qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga alohida e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, xalqaro hamjamiyat, shu jumladan, xorijiy investorlar uchun xalqaro reyting agentliklarida mamlakatning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari, davlat byudjetining ijrosi, pul massasi, oltin-valyuta zaxiralari holati to‘g‘risidagi barcha statistik va tahliliy ma’lumotlar muntazam e’lon qilib borildi.
E’tiborlisi, ushbu iqtisodiy islohotlarni 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi doirasida ham izchil davom ettirilishi belgilangan. Xususan, Taraqqiyot strategiyasiga ko‘ra, iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish, aksariyat sohalarni xususiylashtirish, monopoliyaga barham berish, ko‘proq xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, narxlarni barqarorlashtirish, “iqtisodning harakatlantiruvchi sohalari”ni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator maqsadlar belgilangan.
Xususan, iqtisodiyot tarmoqlarida barqaror yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash orqali kelgusi besh yilda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotni 1,6 baravar va 2030 yilga borib aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni 4 ming dollardan oshirish hamda “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kirish uchun zamin yaratish shular jumlasidandir, – dedi E.Tulyakov.
O‘z navbatida, tadbir ishtirokchilari tomonidan mamlakatda boshlangan islohotlar nafaqat O‘zbekiston, balki mintaqa davlatlari rivojiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatayotgani, iqtisodiy islohotlar markaziga inson manfaati qo‘yilgani ijobiy baholandi.
Jumladan, sanoatning yetakchi tarmoqlari va iqtisodiyotni yanada liberallashtirish hamda transformatsiya jarayonlarini yakunlash orqali energiya resurslari va tabiiy gaz bozorlarini ijtimoiy himoya kafolatlarini belgilagan holda erkinlashtirib, sohaga xususiy investitsiyalar keng jalb qilinadi. Shu bilan birga, ehtiyojmand aholini himoya qilish uchun ijtimoiy iste’mol normalari kiritilib, “Yashil iqtisodiyot” texnologiyalari barcha sohalarga faol joriy etiladi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Yevroosiyo tadqiqot instituti milliy, mintaqaviy va xalqaro muammolarni innovatsion tadqiq etib boruvchi nufuzli institut hisoblanadi. Mazkur institutning faoliyati iqtisodiyot, moliya, energetika, siyosat va madaniyat sohalarida ilmiy tadqiqotlar olib borish va loyihalarni amalga oshirishdan iborat.
Umuman, tadbir doirasida O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi, iqtisodiy imkoniyatlari, dunyo hamjamiyati bilan hamkorligi va rivojlanish tendensiyalari muhokama qilinib, o‘zaro fikr almashildi.
Tadbir yakunida O‘zbekiston va Qozog‘istonning yetakchi ilmiy tadqiqot markazlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish hamda istiqbolda o‘zaro manfaatli, dolzarb mavzularda qo‘shma ilmiy-amaliy loyihalarni yo‘lga qo‘yish masalalari ham muhokama qilindi.
O‘zA