English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zaro ishonch, strategik sheriklikka asoslangan hamkorlik
15:28 / 2022-11-06

Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev boshchiligidagi delegatsiya 2022 yil 2-4 noyabr kunlari Janubiy Koreya Respublikasining Inchxon, Tejon va Xvason shaharlarida davlat idoralari, ishbilarmon doira vakillari, salohiyatli investorlar bilan uchrashdi. Muzokaralarda iqtisodiyot, yong‘in xavfsizligi, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida ochiq va konstruktiv muloqot hamda sherikchilikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv va muloqotlarni tashkil etishda O‘zbekistonning Janubiy Koreya Respublikasidagi elchixonasi vakillari ko‘maklashdi. Amaliy safarning so‘nggi kunida viloyat delegatsiyasi Xvason shahrida bo‘ldi.

Dastlab, markaziy va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan “Xvason kichik ishlab chiqaruvchilar majmuasi markazi” faoliyatiga doir taqdimot va bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishildi. Markazning asosiy vazifasi yangi korxonalar tashkil etish va ularning rivojlanishiga ko‘maklashishdir.  

Xvason shahri Savdo-sanoat palatasida bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida palata raisi Pak Song Kvon joriy yilning 6 iyul kuni Guliston shahrida bo‘lib o‘tgan Koreya – O‘zbekiston biznes forumining tashkiliy jihatlariga yuqori baho berdi. Sirdaryo viloyati kun sayin har tomonlama izchil rivojlanayotganini alohida e’tirof etdi. O‘z navbatida viloyat hokimi  G‘ofurjon Mirzayev viloyatning iqtisodiy rivojlanish holati, undagi mavjud imkoniyatlar, ulardan foydalanish darajasi, o‘zgarishlar hamda istiqboldagi rejalar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Uchrashuv yakunida Sirdaryoga yuqori unumli ishlab chiqarish texnologiyalarni olib kirish, hududda talab yuqori bo‘lgan elektr uskunalari, kir yuvish kukunlari, yumshoq mebellar, shu jumladan, tibbiy jihoz va farmatsevtika, yarim tayyor oziq-ovqat, bir martalik plastik va polipropilen mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalarini birgalikda amalga oshirish yuzasidan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Shu tariqa Sirdaryo viloyati delegatsiyasining Janubiy Koreyaga amaliy safari muvaffaqiyatli yakunlandi.

Shuhrat Suyarov, O‘zA