Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zaro ishonch, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabati rivoji yo‘lida (+video)
15:04 / 2023-12-13

Poytaxtimizdagi Simpoziumlar saroyida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar bojxona xizmati rahbarlarining 9-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirga O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov raislik qildi.

– Ta’kidlash joiz, Turkiy tilli davlatlar orasida o‘zaro ishonch, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatini rivojlantirish, mintaqada tinchlikni ta’minlash, savdo va investitsiya uchun qulay sharoit yaratish hamda barcha sohalarda hamkorlik qilishdek ezgu maqsadda tashkil etilgan ushbu anjuman umumiy taraqqiyot va birdamlikni yanada mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelayotgan tarixiy jarayonning mantiqiy davomidir, dedi o‘z kirish so‘zida A.Mavlonov.

170 milliondan ziyod aholini qamrab olgan TDT hududi ulkan iqtisodiy imkoniyat makonidir.

Mamlakatimiz tashkilotga a’zo bo‘lib kirgandan buyon o‘tgan to‘rt yillik qisqa davrda a’zo davlatlar bilan tashqi savdo aylanma 23 foiz, ya’ni 1 yarim milliard dollar o‘sidi, eksport va import tovarlari bilan harakatlanayotgan transport vositalari soni 65 foiz ko‘payib, 495 mingtaga oshdi.

2022 yil noyabr oyida tashkilotning “Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” shiori ostida o‘tgan Samarqand sammitida davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, tuzilmaga a’zo mamlakatlarning o‘zaro mahsulot va xizmat aylanmasi umumiy tashqi savdoning atigi 4 foizini tashkil etadi, qolgani esa uchinchi davlatlar ulushiga to‘g‘ri keladi, bunday holat esa hech kimni qoniqtirmaydi.

Shu bois mavjud sheriklikning savdo-iqtisodiy poydevorini mustahkamlash, global logistika zanjiri va transport yo‘laklarini kengaytirish, yagona tranzit tarmog‘ini shakllantirishda bojxona idoralari hamkorligi hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Bu borada Samarqand sammitida muhim qadam tashlanib, TDTga a’zo davlatlar hukumatlari o‘rtasida Soddalashtirilgan bojxona yo‘lagi joriy etish to‘g‘risida Bitim imzolangan edi.

Yig‘ilishda mazkur hujjatning texnik sharti, shuningdek hamkorlikni yanada takomillashtirish masalasi batafsil muhokama qilindi. O‘zbekiston TDT bojxona xizmatlari rahbarlari kengashini tashkil etish va qo‘mita tomonidan ishlab chiqilgan tuzilma Nizomini tasdiqlash taklifini ilgari surdi.

Kun tartibidagi dolzarb masalalardan yana biri TDT hududida yagona tranzit tarmog‘ini shakllantirishga, avvalo, dunyo miqyosida TIR Konvensiyasining 2021 yil maydan kuchga kirgan elektron tartibi – “eTIR” xalqaro tizimiga barcha mamlakatlar ulangan taqdirdagina erishish mumkin. “eTIR” loyihasi bojxona rasmiylashtiruvi vaqtini qisqartirish, transport xarajatini kamaytirish kabi qator afzalliklarga ega.

Ushbu xalqaro tizimga Ozarbayjon, O‘zbekiston va Gruziya qo‘shilgan bo‘lib, 2022 yil dekabr oyida dunyoda ilk bor Ozarbayjon va O‘zbekiston birinchi “eTIR” tashuvini amalga oshirgan.

Mazkur yangilik jahon biznes hamjamiyati tomonidan olqishlanib, nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan yuksak e’tirof etilgan. Masalan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Yevropa Iqtisodiy komissiyasi rasmiy saytlarida mazkur loyiha Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari o‘rtasida yuk tashish sharoitini yaxshilash g‘oyasining yaqqol timsoli sifatida baholangan.

“eTIR” tartibi TDT maydonini to‘liq qamrab olsa, yuk to‘g‘risidagi ma’lumotni oldindan olish va o‘zaro almashish, bojxona tartibi va davlat chegarasini kesib o‘tishni tezlashtirish, mamlakatlar eksport va tranzit salohiyatini oshirish, ishonchli va xavfsiz transport yo‘lagini rivojlantirish imkoniyati kengayadi.

Shu ma’noda O‘zbekiston ilgari surgan “eTIR” tashuvi bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik rivojiga xizmat qiluvchi Ekspertlar ishchi guruhini tashkil etish taklifi ham diqqatga sazovor.

Toshkent yig‘ilishida xavfni boshqarish tizimini takomillashtirish jarayonida yangilik va tajriba almashish, tashqi savdoda aniqlangan xavf haqida axborot olishni yo‘lga qo‘yish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Ayni yo‘nalishda O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan “Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar bojxona ma’muriyatlari o‘rtasida xavfni boshqarish sohasida hamkorlik to‘g‘risida”gi Bitim loyihasi muhokama qilindi. Shuningdek, ekspertiza va tadqiqot sohasida sheriklik ko‘lamini kengaytirish yuzasidan ham fikr, mulohaza almashildi.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/hIPDvJoEzi4" title="Oʻzaro ishonch, doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabati rivoji yoʻlida" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Tadbir yakunida TDTga a’zo mamlakatlar bojxona xizmati rahbarlarining uchrashuvi Bayonnomasi va boshqa qator hujjatlar imzolandi.

Nufuzli anjuman doirasida ko‘plab ikki tomonlama muzokaralar, ekspertlar ishtirokida ishchi uchrashuvlar ham uyushtirildi.

Muharrama Pirmatova,

Doniyor Yoqubov (video), O‘zA