Mamlakatimizda suv resurslaridan samarali foydalanish, ularni tejash va qayta ishlashga qaratilgan islohotlar doirasida xalqaro hamkorlik alohida ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda mazkur yo‘nalishda turli ilg‘or tajribalar o‘rganilib, amaliy hamkorlik loyihalari yo‘lga qo‘yilmoqda.
Bugun suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Zokir Ishpo‘latov va “Mekorot” kompaniyasining xalqaro aloqalar bo‘yicha departament direktori Barak Graber o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda shu haqda so‘z bordi.
Muloqot chog‘ida tomonlar o‘zaro hamkorlik istiqbollari haqida fikr almashdi.
Shundan so‘ng, mehmon tomon “Mekorot” kompaniyasi faoliyati va uning tajribasi haqida ma’lumot berdi. Unda qayd etilishicha, Isroilning milliy suv kompaniyasi - “Mekorot” 1937 yilda tashkil etilgan bo‘lib, mamlakat ichimlik suvining qariyb 80 foizi va umumiy suv iste’molining 70 foizini ta’minlab kelmoqda.
“Mekorot” kompaniyasi suv yo‘qotish darajasini atigi 3-4 foizda ushlab turishi bilan ajralib turadi. Bu ko‘rsatkich rivojlangan davlatlardagi o‘rtacha 15 foizdan bir necha barobar samarali hisoblanadi. U yiliga 450 million metr kub suvni qayta ishlaydi va undan olingan suvning 90 foizi qishloq xo‘jaligi hamda shahar ehtiyojlariga yo‘naltiriladi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, uchrashuvda suv ta’minoti tizimini takomillashtirish, suv sifatini nazorat qilish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, oqova suvlarni tozalash va chuchuklashtirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda raqamlashtirish borasidagi ilg‘or tajribalar taqdim etildi.
Uchrashuv yakunida Isroil kompaniyasi vakillari O‘zbekiston bilan hamkorlik yo‘nalishlariga oid o‘z takliflarini bildirdi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA