English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zaro bog‘liqlik va innovatsion rivojlanish sari: yuqori darajali Toshkent forum mintaqalarni yanada yaqinlashtiradi
20:53 / 2025-08-18

Jahondagi tezkor geosiyosiy o‘zgarishlar va iqtisodiy globallashuv sharoitida mintaqaviy hamkorlik, mavjud aloqalarni mustahkamlash har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz kabi strategik joylashuvga ega hududlar hamkorligini chuqurlashtirish, Yevropa bilan barqaror va ko‘p qirrali munosabatni yo‘lga qo‘yish umumiy taraqqiyot sari muhim qadam hisoblanadi.

Aynan shunday global va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan “O‘zbekiston, Ozarbayjon va Yevropa: umumiy taraqqiyot yo‘lida hamkorlik” mavzusidagi yuqori darajali uchrashuv poytaxtimizdagi “InterContinental Tashkent” mehmonxonasida ish boshladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Strategik islohotlar agentligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda Nizomiy Ganjaviy xalqaro markazi hamkorligida tashkil etilgani mazkur tadbirning siyosiy-iqtisodiy ahamiyati, ilmiy-amaliy nufuzini yanada oshiradi.

E’tiborli jihati, anjumanda turli mintaqalardan 30 nafarga yaqin sobiq davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etmoqda. Kun tartibida Yevrosiyo mamlakatlari strategik muloqotini ilgari surish maqsadini ko‘zlagan hamkorlikning ko‘p qirrali yo‘nalishlari qamrab olingan.

[gallery-24813]

Forum ochilishida dastavval davlatimiz rahbarining anjuman ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Abdulaziz Komilov o‘qib eshittirdi.

Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik masalalari, ushbu ikki yirik mintaqaning Yevropa bilan hamkorlik istiqbollari bugungi anjumanning bosh mavzusi etib belgilangani g‘oyat muhim, deb hisoblaymiz, – deyilgan qutlov matnida. Shuningdek, murojaatda “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi sammitida mintaqamiz va Yevroittifoq mamlakatlari o‘rtasida strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risida tarixiy qaror qabul qilingani alohida ta’kidlangan.

Xorijiy mehmonlar mazkur tabrik anjuman ishiga konstruktiv va ishchan ruh baxsh etgani, belgilangan kun tartibidagi dolzarb masalalar chuqur muhokama qilinishiga turtki berganini e’tirof etishdi.

Anjuman avvalida Nizomiy Ganjaviy nomidagi xalqaro markaz hamraisi Ismoil Serageldin, Serbiya sobiq Prezidenti Boris Tadich, BMT Bosh Assambleyasi 73-sessiyasi raisi, 2017-2018 yillarda Ekvadorning sobiq tashqi ishlar va mudofaa vaziri lavozimlarda ishlagan Mariya Fernanda Espinoza so‘zga chiqib, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz hamkorligini mustahkamlash yo‘lidagi intilishlariga yuqori baho berdi.

Bundan tashqari, yuqori martabali mehmonlar O‘zbekistonning IT startaplarni qo‘llab-quvvatlash, moliyaviy texnologiyalar va elektron hukumatni rivojlantirish sohalariga ixtisoslashgan xalqaro reytinglardagi yuqori natijalarini e’tirof etdilar. Shu nuqtai nazardan, ilg‘or raqamli yechimlar va ilmiy ishlanmalarni amalga oshirishda kooperatsiyani kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi. Sun’iy intellektni joriy qilish mintaqa davlatlari uchun nafaqat barqaror o‘sish va innovatsion rivojlanish, balki global raqobatbardoshlikni oshirish imkonini ham berishi ko‘rsatib o‘tildi.

Munozaralar davomida so‘nggi yillarda O‘zbekiston – Yevropa munosabatlari sifat jihatidan yangi, yuqori bosqichga ko‘tarilgani va hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha aniq amaliy mazmun bilan boyib borayotgani ta’kidlandi. Xususan, O‘zbekistonning O‘rta yo‘lakdagi ishtirokiga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Bu tabiiy ravishda Markaziy Osiyo, Kavkaz va Yevropa o‘rtasidagi transport-kommunikatsiya o‘zaro bog‘liqligini yanada mustahkamlaydi.

Shu bilan birga, ishtirokchilar iqlim o‘zgarishi muammosi suv resurslari, energetika xavfsizligi va barqaror qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq masalalarni yuzaga chiqarib, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi uchun asosiy tahdidardan biriga aylanayotgani xususida fikr bildirdilar.

Ayni sharoitda ikki mintaqa o‘rtasida muloqotni kengaytirish, ilg‘or tajriba, texnologiya va investitsiya almashinuvini kuchaytirish talab qilinadi. Tadbir qatnashchilari kelgusida ayni yo‘nalishda sheriklikni chuqurlashtirish iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xatarlarni birqaror rivojlanish va umumiy xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan transmintaqaviy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarga aylantirishini yakdil ma’qulladilar.

Forum davom etyapti.

O‘tkir Alimov, Asliddin Alijonov (surat), O‘zA muxbirlari