French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zaro anglashuv, do‘stlik va ochiqlik – O‘zbekiston-Tojikiston hamkorligini yanada rivojlantirishning asosidir
11:10 / 2021-06-18

Joriy yilning 17 iyun kuni Markaziy Osiyo xalqaro institutida Tojikiston Milliy Fanlar akademiyasi va Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi bilan birgalikda "O‘zaro anglashuv, do‘stlik va ochiqlik – O‘zbekiston-Tojikiston hamkorligining yanada rivojlanishi asosidir" mavzusida onlayn shaklda xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda Markaziy Osiyo xalqaro instituti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Fanlar akademiyasining Tarix instituti, Tashqi ishlar, Transport, Madaniyat hamda  Suv  va qishloq xo‘jaligi vazirliklari rahbariyati va yetakchi ekspert-tahlil vakillari ishtirok etdi.

Shuningdek, anjumanda Tojikiston Milliy Fanlar akademiyasi, Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi, Rossiya-Tojikiston (Slavyan) universiteti, Tojikiston Respublikasi Geopolitik tadqiqotlar markazi,  Osiyo va Yevropa muammolarini o‘rganish instituti, Tarix, etnografiya va arxeologiya instituti, Falsafa, siyosatshunoslik va huquq instituti rahbariyati va yetakchi ekspertlari qatnashdi.

Ishtirokchilar 10-11 iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasiga rasmiy tashrifi natijalari yuzasidan fikr almashdilar.

Ikki mamlakat rahbarlarining  siyosiy irodasi va uzoqni ko‘ra biladigan oqilona siyosati hamda birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ko‘p qirrali aloqalar strategik sheriklikning yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.

Ma’ruzachilarning fikriga ko‘ra, tashrif davomida ikki Davlat rahbarlari o‘rtasida  o‘tgan muzokaralar va uchrashuvlar, imzolangan  hujjatlar to‘plami nafaqat o‘zaro manfaatli hamkorlikka turtki berdi, balki uzoq muddatli istiqbolda o‘zbek-tojik sherikligini yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim qadam ham bo‘ldi.

So‘zga chiqqanlar o‘z nutqida ta’kidlaganidek, ushbu tashrif  butun Markaziy Osiyo mintaqasini yanada barqaror rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shadi.

Anjumanda kelgusi yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo aylanmasi hajmini ikki baravarga oshirish muhimligi qayd etildi. Iqtisodiyotning turli sohalarida,  jumladan avtomobilsozlik sanoatida hamkorlik loyihalarini amalga oshirish, savdo shartnomalari, elektr sanoati, gidroenergetika, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va boshqa ko‘plab sohalardagi investitsiya shartnomalarini hayot joriy etish o‘zaro iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.  

Qayd etish joizki, O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlari rivojlanishini harakatlantiruvchi omillardan biri, bu shubhasiz,                mintaqalararo aloqalarni yanada mustahkamlashdir. Xatlon viloyati Boxtar shahrida  o‘tgan Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlari yakunlari bo‘yicha, umumiy qiymati 1 milliard dollarlik hujjatlar imzolangani ushbu fikrimizning yorqin tasdig‘idir.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashrifi doirasida Dushanbeda "Do‘stlik oqshomi" singari yorqin tadbirlar, Xo‘jandda bo‘lib o‘tgan ziyolilar va jamoatchilik vakillari bilan uchrashuv, Xatlon viloyatidagi tibbiyot majmuasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, Samarqandda yangi maktab foydalanishga topshirilgani ikki birodar mamlakat va xalqlarimiz o‘rtasida tobora mustahkamlanib borayotgan do‘stlik hamda strategik sheriklikning haqiqiy ramziga aylandi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ishtirokchilar konferensiya davomida, o‘zbek-tojik sherikligining barcha asosiy yo‘nalishlariga doir o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari bo‘yicha  fikr almashdilar.  Shu qatorda, Transport, qishloq va suv xo‘jaligi, energetika, ta’lim, fan, madaniyat kabi ko‘plab sohalardagi o‘zaro hamkorlik istiqbollari bo‘yicha aniq takliflar bildirildi.

Anjuman qatnashchilari ikki tomonlama hamkorlikning muhim jihatlari yuzasidan fikr almashish, mamlakatlar va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan aniq yangi takliflarni ishlab chiqishda bu kabi tadbirlar muhimligini ta’kidladilar.

O‘zA