Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida O‘zbekiston Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun yurtimizga kelgan “Ozarbayjon-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati raisi Zenfira Qodirova bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Tadbirda Qo‘mita raisi Rustambek Qurbonov mehmonni O‘zbekistonga tashrifi bilan qutlab, so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, do‘stlik muhitini va ko‘pmillatli oila tuyg‘usini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar, O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan Respublika ozarbayjon milliy madaniy markazi xususida ma’lumot berdi.

Mehmon o‘zbek va ozarbayjon xalqlarining madaniyati, tili, dini va qadriyatlari umumiy ekanini bildirib, iliq va samimiy qabul uchun minnatdorchilik izhor qildi. Ozarbayjon-O‘zbekiston do‘stlik jamiyatining faoliyati xususida ma’lumot berdi.
Xususan, u yaqinda Ozarbayjon chet tillari universtetida O‘zbekiston elchixonasi bilan hamkorlikda 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya tashkil qilingani, o‘zbek adabiyoti, san’ati, madaniyatiga aloqador bo‘lgan taniqli insonlar tomonidan qiziqarli ma’ruzalar qilingani, tadbir doirasida o‘zbek milliy taomi – palov tarqatilganini aytib o‘tdi.

Shuningdek, ushbu tadbirda universitet rektori tomonidan O‘zbekiston milliy madaniyat markazini tashkil qilishni taklif qilgani xususida ma’lumot berdi.
Z.Qodirovaning aytishicha, tashkil etilishi mumkin bo‘lgan ayni markaz uchun universitetdan alohida xona ajratib beriladi. Ushbu taklif O‘zbekistonning Ozarbayjondagi elchixonasi tomonidan iliq kutib olingan. Do‘stlik jamiyati vakillari markaz ochilishiga umid bildirishdi.

Shuningdek, mehmon Ozarbayjon Respublikasi ham huddi O‘zbekiston kabi ko‘p millatli mamlakat ekanini, Ozarbayjon siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri ham aynan mamlakatda millatlaro totuvlikka qaratilganini va ayni o‘lkada ham turli tillarda darslar o‘tilishini bildirdi.
Tadbir doirasida ikki tomonlama hamkorlik borasida kelgusidagi ishlar ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida martabali mehmon “O‘zbekiston umumiy uyimiz” kitobi va “O‘zbekiston” jurnallarining maxsus sonlari bilan tanishtirildi.
N.Usmonova, O‘zA