O‘zbekistonga kelgan Ozarbayjonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomli Ozarbayjon madaniyat markaziga tashrif buyurdi.
Ta’lim vaziri o‘rinbosari Idris Isayev boshchiligidagi delegatsiyaga dastlab majmua faoliyati haqida batafsil ma’lumot berildi. Markaz direktori Akif Marifli ushbu madaniyat maskani 2010 yil Prezident Ilhom Aliyev ishtirokida ochilganini mamnuniyat bilan esga oldi.

– Markaz buyuk yo‘lboshchi merosini targ‘ib qilish, Ozarbayjon madaniyatini o‘rganish, shuningdek ikki davlat o‘rtasida madaniy, ilmiy va ma’rifiy aloqalarni rivojlantirish maqsadida faoliyat yuritadi, – deydi Akif Marifli. – Bundan tashqari tarix, madaniyat, adabiyot bilan bog‘liq ko‘plab loyihalar amalga oshiradi, konsert dasturlari, xalqaro anjuman, simpozium, mahorat darsi va ko‘rgazmalar tashkil etadi. Majmuada Haydar Aliyev, Mamlakat tarixi, Do‘stlik, Ozarbayjon gilamlari muzeylari, kutubxona, raqs, rasm, til kurslari, yoshlardan iborat teatr truppasi faoliyat ko‘rsatadi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA