“Ipak yo‘li durdonasi” XV Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida yosh rejissyorlar uchun “Kino 5 kunda” xalqaro tanlovi g‘oliblari aniqlandi.
Tanlov ishtirokchilari an’anaga ko‘ra, 5 kun ichida O‘zbekistonning tarixiy manzillari, jumladan, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Farg‘ona, Toshkent kabi shaharlarda bo‘lib, qisqa-metrajli filmlar suratga oldi.
Tantanali taqdirlash marosimida Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduholiqov qayd etganidek, ushbu tanlov yoshlarning ijodiy komilligini oshirishda katta imkoniyat yaratdi.
- Mazkur tanlov turli davlatlardan tashrif buyurgan bir qator yosh kinoijodkorlarni birlashtirdi, deb o‘ylayman. Bu nafaqat kino musobaqasi, balki do‘stlik va insoniy bag‘rikenglik kabi tushunchalarni ulug‘lagan festival loyihasi bo‘lib xizmat qildi. Qatnashchilar yurtimiz haqidagi filmlarni suratga olib taqdim etdi. Hakamlar hay’ati a’zolari esa eng munosiblarni baholadi. O‘zbekiston - yoshlar mamlakati. Kinofestivalning ham asosiy maqsadi yoshlarga imkon berish, o‘zlarining bor potensiallarini namoyon etishlari uchun sharoit yaratib berish va albatta rag‘batlantirishdan iborat, – dedi F. Abduholiqov.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, “Eng yaxshi milliy qisqa metrajli film” nominatsiyasida Dilshod Usmonovning “Uzum” filmi g‘olib bo‘ldi.
Tanlovning “Eng yaxshi milliy qisqa metrajli film” nominatsiyasi bo‘yicha ishtiroki uchun “O‘zbekiston mening orzum” filmi bilan Hilola Abdurasulova, “Omonat” filmi uchun esa Nuriya Safarova e’tirof etildi.
“Kino 5 kunda” tanlovining xorijlik ishtirokchilari suratga olgan filmlar bo‘yicha maxsus nominatsiyasida uchinchi o‘rin “Rishta” filmi uchun Yakov Podkustovga (Rossiya), ikkinchi o‘rin “Orzular shahri” filmi uchun Edisa Toktorovaga (Qirg‘iziston) nasib etdi.
Birinchi o‘ringa “Yuz qadam” filmi uchun Shirin Ahmadov (Ozarbayjon) sazovor bo‘ldi.
G‘oliblarga pul mukofoti va esdalik sovg‘alar topshirildi.
O‘zA