Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ozarbayjonlik kuzatuvchilar Oliy Majlis Qonunchilik palatasida
21:00 / 2021-10-22

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish uchun yurtimizga tashrif buyurgan xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari mamlakatimiz saylov qonunchiligi, saylov uchastkalarida yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Jumladan, xalqaro kuzatuvchilar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari bilan ham muloqotda bo‘ldi.

Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi intizom komissiyasi raisi Eldar Ibragimov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi Sharofiddin Nazarov bilan uchrashdi.

Muloqot avvalida mehmonlarga keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar to‘g‘risida so‘zlab berildi. Xususan, davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda o‘zaro manfaatli, amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlarga atroflicha to‘xtalib o‘tildi.

Shuningdek, suhbat chog‘ida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari, qo‘mitalar faoliyati, qonun ijodkorligi jarayoni xususida batafsil ma’lumot berildi.

Uchrashuvda mehmonlarga Saylov kodeksi va undagi normalar haqida ham axborot berildi.

Ta’kidlanganidek, kodeksning qabul qilinishi yangi O‘zbekistonni demokratlashtirish va liberallashtirish, fikrlar xilma-xilligini qo‘llab-quvvatlash hamda ko‘ppartiyaviylik yo‘lidan barqaror rivojlanish ifodasi sifatida namoyon bo‘ldi. 

Saylov kodeksi 5 ta amaldagi qonunni o‘zida mujassam etgan. Bu esa uni amaliyotda qo‘llashda, fuqarolarimiz uchun saylovga oid qoidalarni to‘liq o‘zlashtirishda qulaylik tug‘diradi hamda qonunchilikdagi ortiqcha takrorlanishlarning oldini oladi.

O‘z navbatida, xalqaro kuzatuvchilar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksini ishlab chiqishda xalqaro tashkilotlarning taklif va tavsiyalari inobatga olingani, shuningdek, ilg‘or xalqaro tajribalar implementatsiya qilinganiga ijobiy baho berildi. 

Shuningdek, O‘zbekistonning saylov qonunchiligini yanada tamomillashtirish borasidagi dadil qadamlari, bu boradagi amaliy sa’y-harakatlari diqqatga molik ekani qayd etildi.

Eldar Ibragimov taqdim etilgan ma’lumotlar uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston Respublikasi tomonidan saylov amaliyoti sohasida qonunchilikni takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar saylov jarayonining ochiqligi va shaffofligini ta’minlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Uchrashuvda ikki mamlakat oliy qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikka doir masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA