Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ozarbayjonga tashrif davomida erishilgan kelishuvlar o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantiradi
18:19 / 2025-07-07

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida dastlab davlatimiz rahbarining Ozarbayjonga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar ahamiyati haqida so‘z yuritildi.

Ta’kidlanganidek, tashrif davomida imzolangan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani 2025-2029 yillarda amalga oshirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi", Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim, Fan, kasb-hunar va oliy ta’lim sohalarida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim va 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan sanoat kooperatsiyasi dasturi kabi hujjatlar ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantiradi. 

Shundan so‘ng deputatlar jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini samarali himoya qilishga qaratilgan “Kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini qanoatlantirish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini muhokama qildilar. 

Qayd etilganidek, ushbu qonun loyihasida kreditorlarning garovga qo‘yilgan mol-mulkiga nisbatan huquqlari ustuvorligini ta’minlash, kredit tashkilotlarining muammoli aktivlar ulushini kamaytirish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini samarali himoya qilish ko‘zda tutilmoqda. 

Loyihaga ko‘ra, mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi idoralar tomonidan mol-mulklarga nisbatan qo‘yilgan barcha taqiqlarni davlat ijrochisining qarori asosida yechish, davlat ijrochisining qarori unda ko‘rsatilgan shaxsga mol-mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish (hisobga qo‘yish) uchun asos bo‘lib hisoblanadi. 

Shuningdek, mol-mulk bo‘yicha mavjud majburiyatlar uning sobiq egasi – qarzdor zimmasida qolishi nazarda tutilmoqda.

Yig‘ilishda ko‘rib chiqilgan masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA