Vatanimiz tarixidagi 12 sentyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1533 yil (bundan 492 yil oldin) – turkiy an’anaga binoan sultonlar ichida eng yoshi ulug‘i sifatida Ubaydulloh sulton shayboniylarning bosh xoni bo‘ldi. Biroq Ko‘chkunchixon avlodidan bo‘lgan Abdullatifxon Ubaydullohxonni poytaxt shahar Samarqandga kiritmaydi. Ubaydullohxon poytaxtni Buxoroga ko‘chirishga majbur bo‘ladi va uning nomiga xutba ham shu yerda o‘qiladi. Shundan keyin Shayboniylar davlati Buxoro xonligi nomi bilan yuritila boshlandi. Ubaydullohxon hukmronligi davrida Buxoroning markaz sifatidagi nufuzi oshdi. Shu jumladan, butun Movarounnahr o‘lkasi bo‘ylab xutba va tanga uning nomi bilan ziynat topdi. Ubaydullohxon zamonida Movarounnahr, ayniksa, Buxoro nihoyatda obodonchilikka va farovonlikka erishdi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Ubaydullohxon – Muhammad Shayboniyxonning jiyani, Mahmud Sultonning o‘g‘li. Otasining iltimosiga ko‘ra, unga Xoja Ubaydulloh Ahror o‘z ismini bergan (Boburga ham Zahiriddin Muhammad ismini aynan Hoja Ubaydulloh Ahror qo‘ygan edi). Buxoroda Mir Arab nomi bilan mashhur bo‘lgan davlat arbobi va sarkarda amir Abdulla Yamaniy unga harbiy san’atdan saboq bergan. Ubaydullohxon “Ubaydiy”, “Qul Ubaydiy”, “Ubaydulloh” taxalluslari bilan o‘zbek, fors va arab tillarida ijod qilgan.
1858 yil (bundan 167 yil oldin) – Buxoro amiri Nasrulloning Mirzo Ubayd miroxur nomli elchisi Xiva xoni Said Muhammadxon saroyiga tashrif buyurdi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Buxoroda miroxur mansabi egasi amir otlariga yem, xashak, somon va beda yetkazib beruvchi amaldor bo‘lgan. Harbiy harakatlar chog‘ida uning roli baland hisoblangan.
1875 yil (bundan 150 yil oldin) – Turkiston general-gubernatori Konstantin fon Kaufman Rossiya imperiyasi Harbiy vaziri Dmitriy Milyutinga Marg‘ilonga kelib, shahar vakillarini qabul qilganligi va Marg‘ilonga 125 ming tillo, ya’ni eng arzon narx bo‘yicha 500 ming rubl (1 tillo – 4 rubl) tovon solganligi haqida xat yubordi. Mazkur tovon puli solinishiga Po‘latxon qo‘zg‘oloni rahbarlaridan biri bo‘lgan Abdurahmon Oftobachi 10 ming kishilik qo‘shinbilan Marg‘ilon yonida 10 kun turgani bahona bo‘ldi. Kaufman marg‘ilonliklardan Abdurahmon Oftobachini ushlab ruslarga topshirishni talab qildi. Marg‘ilonliklar buni bajarmadilar va Abdurahmon Oftobachi ruslar bilan jang qilmasdan chekindi.
1912 yil (bundan 113 yil oldin) – “Turon” gazetasining shu kungi sonida “Talabamiz va islohot” sarlavhali maqola chop etildi. Unda: “Buxoroda isloh qilinadigan jihatlar ko‘p, mana shu narsalarga hukumati jamilaning hamda vatandoshlarimizning nazari diqqatlarini qaratish “Turon”ning muqaddas vazifalaridan sanaladi”, deyilgan. “Shubhasizki, – deyiladi unda, –isloh qilinishi lozim bo‘lgan jihatlarning biri – madrasalar islohidir, dars jadvallarining tanzimidir. Bu hakda biz umumiy tarzda yozdik, ochiq bir suratda bahs qilmadik”.
1920 yil (bundan 105 yil oldin) – Buxoro hukumati tomonidan Maorif xalq nozirligi qoshida Vaqf boshqarmasi tashkil qilindi. Joylarda maorif bo‘limlari qoshida vaqf sho‘’balari ochildi. Vaqf boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga o‘sha kuni Muhitdin Rafoat tayinlandi. Bu paytda Toshkentdan Buxoroga kelgan Munavvarqori ham Vaqf boshqarmasida faoliyat ko‘rsatdi.
1937 yil (bundan 83 yil oldin) – SSSR Ichki ishlar xalq komissarligining 1937 yildagi 447-sonli qarori asosida O‘zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligi “uchligi” (“troykasi”)ning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 9-sonli bayonnoma asosida shu kuni 117 kishi otuvga hukm qilindi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish kerakki, 1937–1953 yillarda O‘zbekistondagi “uchlik” tomonidan 100 mingdan ortiq kishi qatag‘on qilindi, ulardan 15 ming nafari otib tashlandi.
1943 yil (bundan 82 yil oldin) – narpaylik Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Qudrat Suyunov (1919–1943) Chernigov viloyatining Korop tumanidagi Obolone kishlog‘i yaqinida Desna daryosining o‘ng sohilida platsdarmni kengaytirish uchun bo‘lgan jangda dushman ambrazurasini ko‘kragi bilan to‘sib, qaxramonlarcha halok bo‘ldi. 1943 yil 16 noyabrda unga Qahramon unvoni berildi.
1950 yil (bundan 75 yil oldin) – shoir, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Shavkat Rahmon tavallud topdi (vafoti 1996 yil). U o‘zbek she’riyatini XX asr ispan shoirlarining badiiy tajribasi bilan boyitdi.
1990 yil (bundan 35 yil oldin) – O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tashkil etildi. Kasaba uyushmalarining bosh vazifasi o‘z a’zolarining mehnat, ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy, intellektual hukuq va manfaatlarini muhofaza qilishda harakat birligini amalga oshirishdan iborat.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika “Mahalla” xayriya jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.
1997 yil (bundan 28 yil oldin) – O‘zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi tashkil etildi.
2000 yil (bundan 25 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Texnik shisha tola ishlab chiqarishni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2003 yil (bundan 22 yil oldin) – Nukus shahrining 70 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
2006 yil (bundan 19 yil oldin) – “O‘zbekiston Respublikasi Tibbiyot xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Unga muvofiq noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi O‘zbekiston Respublikasi Tibbiyot xodimlari kuni etib belgilandi.
2008 yil (bundan 17 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Muzeylar to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Ushbu qonunning maqsadi muzeylarnnng tashkil elilishi va faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2008 yil (bundan 17 yil oldin) – Ozarbayjonning poytaxti Boku shahrining Ozodlik maydonida Alisher Navoiy haykali ochildi. Ushbu san’at asari haykaltarosh Ravshan Mirtojiyev tomonidan yaratilgan.
Bokuda Navoiy haykali qad rostlaganidan bir yil o‘tib, Ozarbayjonda buyuk mutafakkirning ijodini o‘rganishga bag‘ishlangan maqolalar to‘plami ham chop etildi. Filologiya fanlari nomzodi Olmos Ulviy xonim to‘plab nashrga tayyorlagan bu kitob “Alisher Navoiy Ozarbayjon adabiyotshunosligida” deb nomlangan bo‘lib, unda 1907 – 2008 yillar orasida Ozarbayjon matbuotida e’lon qilingan maqolalar jamlangan bo‘lib, bu kitobning nashr etilishi to shu kungacha qardoshlarimiz xotirida buyuk shoir yashab va yashnab kelayotganligining yana bir isbotidir.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Ozarbayjonda asrlar davomida Navoiy she’rlari Fuzuliy (1498–1556) she’rlari bilan birga adabiy majlislar dasturidan o‘rin olgan. “Baytus safo”, “Majolisi uns”, “Majolisi faromushon” deb nomlanuvchi yig‘inlarda musiqa chalinib, Navoiy asarlari o‘qilgan, targ‘ib etilgan.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.
2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk qomusiy olim va mashhur davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Madaniy yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro tadqiqot markazi Ustaviga (Rim, 2013 yil 29 noyabr) qo‘shildi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA