English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ozarbayjonda “O‘zbekneftgaz” AJning “yashil burchagi” barpo etildi
11:07 / 2025-06-04

Bugungi kunda global miqyosda ekologik barqarorlik, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari energetika sohasidagi muhim yo‘nalishlardan biriga aylangan. Yirik sanoat kompaniyalari o‘z faoliyatida ESG (ekologiya, jamiyat, korporativ boshqaruv) tamoyillariga tayangan holda barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Shu nuqtai nazardan, Ozarbayjon Respublikasi poytaxti Bokuda o‘tkazilgan an’anaviy Boku energetika haftaligi doirasida amalga oshirilgan ekologik tashabbus alohida ahamiyat kasb etadi. Xususan, “Baku Expo” markazi hududida o‘tkazilgan ko‘kalamzorlashtirish aksiyasi jahon energetikasi va neft-gaz sohasi ishtirokchilari o‘rtasidagi ijtimoiy mas’uliyat va atrof-muhitga ehtiyotkor munosabat ifodasidir.

 Ushbu aksiyada “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati delegatsiyasi ham faol ishtirok etib, daraxt va gullar ekish orqali ekologik harakatga o‘z hissasini qo‘shdi. Mazkur tashabbus doirasida dunyoning 50 ga yaqin davlatidan tashrif buyurgan delegatsiyalar vakillari ishtirok etdi. Bu esa ekologik hamkorlikning xalqaro miqyosdagi ahamiyatini yanada mustahkamladi. 

“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati rahbari Mo‘min Ibodov qayd etganidek, ekologik barqarorlikni ta’minlash, jamiyat oldidagi mas’uliyatni yuksaltirish va “yashil” energetikaga o‘tish yo‘lidagi bu kabi tashabbuslar nafaqat amaliy ahamiyatga ega, balki kelajak uchun toza muhit barpo etishga qaratilgan sa’y-harakatlarning uzviy davomidir.

–Aytish joizki, bugungi kunda “Baku Expo” markazi hududida “O‘zbekneftgaz” AJ nomidan daraxt va gullar bilan bezatilgan maxsus “yashil burchak” mavjud. Bu kompaniyaning nafaqat iqtisodiy va texnologik salohiyati, balki jamiyat va tabiat oldidagi mas’uliyatini ham namoyon etadi. Shu orqali “O‘zbekneftgaz” AJning barqaror rivojlanishga bo‘lgan sodiqligi, ESG prinsiplariga amal qilgan holda xalqaro maydonda faol ishtirok etayotgani yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi. Ushbu ekologik tashabbus nafaqat ko‘kalamzor hududlar miqdorini oshirish, balki jamiyatda ekologik madaniyatni yuksaltirish, ekologik mas’uliyatni shakllantirish borasida ham muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi, – dedi u.

Nasiba Ziyodullayeva,

O‘zA