Ozarbayjonning Gyoygyol viloyatidagi “Xon yaylog‘i” hududida tashkil etilgan to‘rtinchi milliy Yayloq festivalida kurash musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Turkiy xalqlarning boy merosi va ko‘chmanchi hayot tarzini zamonaviy ruhda targ‘ib qilishga qaratilgan mazkur anjumanda an’anaviy musiqa, raqs va hunarmandlik bilan birga milliy sport turlari ham keng namoyish etib kelinayotgani jamoatchilik e’tiborini qozonmoqda.

Festivalning bu yilgi dasturidan o‘rin olgan, azaliy qadriyatlarimizning muhim bo‘g‘ini sifatida shakllanib, sport turi darajasiga ko‘tarilgan kurash bo‘yicha taqdimot musobaqasi tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Kurashning jozibali usullari nafaqat kuch va mahorat namoyishi, balki xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlik rishtalarining yaqqol ifodasi sifatida ham e’tiborni tortadi.

Yayloq festivalida o‘tgan kurash bo‘yicha taqdimot musobaqasida Jahon etnosport konfederatsiyasi rahbari Bilol Erdog‘an ishtirok etib, sportchilarga omad tiladi.
– Yayloq festivali shunchaki tadbir emas, balki qalbimizda yashayotgan tarix, madaniyat va milliy o‘zlikka nisbatan sadoqat ramzidir, – dedi jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida Ozarbayjon Milliy sport turlari assotsiatsiyasi vakili Aliakbar Aliavsarov. – Xalqimiz uchun ham begona bo‘lmagan Kurash sport turi sifatida ommalashayotgani, xalqaro maydonda munosib o‘rin egallayotgani bizni behad shod etadi. Mamlakatimiz sportchilari kurash bo‘yicha xalqaro musobaqalarda muntazam qatnashib, sovrinli o‘rinlarni egallab kelayotgani, kurashning turli yo‘nalishlarida hududlarda ko‘plab musobaqalar o‘tkazilayotgani ushbu sport turiga mehrimiz ifodasidir.
T.Ro‘ziyev, O‘zA