Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ozarbayjonda 44 yil o‘tib, yana O‘zbekiston madaniyati kunlari tashkil etildi
19:34 / 2023-08-16

Shu oy boshida Ozarbayjonda “O‘zbekiston madaniyati kunlari” bo‘lib o‘tdi. Toshkentdagi Haydar Aliyev nomli Ozarbayjon Madaniyat markazi direktori Samir Abbosov mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari vakillarining mazkur tadbirga oid savollariga batafsil javob berdi.

– Assalomu alaykum! Samir Alihasanovich, hammamizga yaxshi ma’lum, yaqinda Ozarbayjonda O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkazildi. Dastlab ushbu muhim madaniy loyihaning voqelikka aylanishi jarayoni haqida gapirib bersangiz.

– Avvalo, qayd etish joiz, Ozarbayjon va O‘zbekiston mustaqillik yillarida azaliy do‘stlik, birodarlik rishtalarini, tarixiy munosabatlarni yanada mustahkamlab, hozirgi darajaga olib chiqdi.

Ayniqsa, so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilgan aloqalarimiz ikki mamlakat rahbarlarining istiqbolli siyosati, o‘zaro tashriflari va muntazam muloqoti tufayli jadal rivojlanmoqda.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida tarixan yaqin madaniy aloqa mavjud. Ikki xalq bir-birining madaniyatidan ilhom olib, muntazam ravishda uyg‘an an’analarni boyitib bormoqda.

Masalan, 44 yillik tanaffusdan so‘ng Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida “O‘zbekiston madaniyati kunlari” uyushtirildi. E’tiborlisi, mazkur anjumanga O‘zbekistondan 200 nafar qardoshimiz tashrif buyurdi.

Yuqori darajasi, keng ko‘lami va muhim ahamiyati inobatga olinib,anjumanning tantanali ochilish marosimi uchun Ozarbayjon xalqining Umummilliy yetakchisi Haydar Aliyev nomli saroy ajratildi. Ikki davlat san’at ustalari ishtirokida, Kamoliddin O‘rinboyev rahbarligidagi O‘zbekiston davlat simfonik orkestri hamrohligida tantanali konsert dasturi tashkil etildi.

Yaqin orada Bokuda bunday anshlag kuzatilmagan edi: har ikki millatning sevimli ijrochilarini butun koshona tik turgan holda olqishladi.

Farrux Zokirov, Nasiba Abdullayeva, Ozodbek Nazarbekov, Gulsanam Mamazoitova, Jenisbek Piyazov, Ilyos Arabov, Yulduz Turdiyeva, Ozoda Nursaidova, Samandar Alimov singari ellarimiz suygan san’atkorlar qatori, qolaversa, do‘stona munosabatlarimiz belgisi sifatida, konsertda Ozarbayjon va O‘zbekiston xalq artisti Gulyanog‘ Mammadova va Ozarbayjonda xizmat ko‘rsatgan artist Tarzan Sohib Poshozoda ham qatnashdi.

– Ozarbayjon milliy kutubxonasida uyushtirilgan tadbirga ham to‘xtalib o‘tsangiz. 

– Mirzo Fatali Oxundov nomidagi Ozarbayjon milliy kutubxonasida “O‘zbek adabiyoti burchagi” ochilishi Madaniyat kunlari doirasidagi muhim voqealardan biridir. Bizning kitobxonlar har doim qardosh o‘zbek xalqining urf-odati, an’analari va albatta, adabiyoti bilan qiziqib kelgan. Endi ular O‘zbekiston bilan yanada yaqinroq tanishishlari mumkin.

Mazkur tadbir o‘zbek romanchiligi asoschisi Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” asari ozarbayjon tilidagi yangi nashri taqdimoti bilan davom etdi. Bu kitob 1929 yil ham ozarbayjon tiliga tarjima qilingan va bir necha bor qayta nashr etilgan. Bu ikki mamlakat yozuvchilari yaqin hamkorligi samarasidir. Asarda ko‘tarilgan mavzular, tarixiy voqealar, qahramonlar taqdiri ozarbayjonlarga ham begona emas.

[gallery-13142]

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari – milliy adabiyotning taniqli namoyandalari guruhi ishtiroki tadbirga alohida, ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.

Xalqlarimiz adabiyoti qadimiy umumiy ildizlarga ega. Bu jihat Nizomiy, Navoiy, Fuzuliy kabi ko‘plab shoirlar ijodida yaqqol namoyon. Mirzo Fatali Oxundov, Husayn Jovid, Samad Vurg‘un singari ko‘plab adiblar o‘zbek o‘quvchisiga yaqin.

Ushbu tadbir davomi sifatida Muqimiy nomli O‘zbek davlat musiqali teatri jamoasi Ozarbayjon davlat akademik musiqali teatri sahnasida aynan Qodiriyning “O‘tkan kunlar” asari asosida sahnalashtirilgan spektaklni taqdim etdi.

– Ozarbayjon kinematografiyasi mudom o‘zbek tomoshabinining qiziqishi, e’tiboriga sazovor bo‘lib kelgan. Ayni haqiqat bugungi kunda qay darajada namoyon?

– To‘g‘ri, O‘zbekistonda Ozarbayjon asarlari doimo qadrlangan, “Arshin Mol olon”, “Layli va Majnun”, “Qaynona” asarlari o‘zbek jamoatchiligi orasida juda mashhur va sevimli.

“Qaynona filmi O‘zbekistonda qanchalik sevib tomosha qilinishiga, shaxsan o‘zim, ko‘p bor guvoh bo‘lganman. Ushbu film ancha yillar oldin o‘zbek tiliga o‘girilgan va hozirgacha, xuddi Ozarbayjondagidek, vaqti-vaqti bilan televideniye orqali namoyish etib turiladi. Darvoqe, “Qaynona” qo‘shig‘i o‘zbek to‘ylarida juda ko‘p ijro etiladi.

O‘tgan yil qishdava shu yil bahorda Muqimiy nomli teatr ijodkorlari tomonidan markazimiz ko‘magida Ozarbayjon teatri va kinematografiyasi durdonalaridan biri – “Qaynona” komediyasi sahnalashtirilgani ham bejiz emas. O‘zbekiston teatrlari sahnasida Ozarbayjon asarlari sahnalashtirilishi har doim muhim voqea sifatida qabul qilinadi.

Demak, Madaniyat kunlari doirasida Muqimiy nomli teatr ijodkorlari Ozarbayjon akademik teatri sahnasida “Qaynona” asarini namoyish etgani ham kutilgan voqelik. Binobarin, o‘zbek tilidagi spektaklda ariyalar ozarbayjon tilida ijro etilishini, shuningdek ko‘plab mashhur sahnalarni tomoshabinlar qizg‘in olqish bilan kutib olishdi.

– O‘zbekistonlik san’atkorlar tayyorlagan yakuniy dastur ozarbayjon tomoshabinida qanday taassurot qoldirdi?

– Bokudagi xiyobonda, muxlislar qarshisida bo‘lib o‘tgan madaniyat kunlarining tantanali yopilish marosimida O‘zbekiston xalq artistlari Farrux Zokirov, Nasiba Abdullayeva, Abduhoshim Ismoilov, Zulayho Boyxonova, Ozodbek Nazarbekov, Gulsanam Mamazoitova, Jenisbek Piyazov va boshqalar o‘z san’atini namoyish qilishdi. Ular konsert davomida eng mashhur qo‘shiqlarini kuylashdi. Ajoyib chiqishlari bilan o‘zbek san’ati buyuk tarixga, boy madaniyatga ega ekanini yana bir bor isbotlashdi. O‘zbekiston folklori ustalari ishtirokidagi dastur ham qizg‘in qabul qilindi.

Bir so‘z bilan aytganda, Ozarbayjonda o‘tkazilgan “O‘zbekiston madaniyati kunlari” madaniy qadriyatlari bir-biriga juda yaqin ikki millat o‘rtasidagi munosabat tobora rivojlanib borayotganidan dalolat.

Eng muhimi, bundayyaqin hamkorlik mamlakatlarimiz, shuningdek butun turkiy dunyo taraqqiyotiga ham salmoqli hissa qo‘shadi.

G‘ayrat Xonnazarov tayyorladi.

O‘zA