English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasida madaniy aloqalar rivojlanmoqda
22:35 / 2023-02-19

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida mazkur oliy o‘quv yurti rektori Eldor Shermonov va mamlakatimizdagi Haydar Aliyev nomli Ozarbayjon Madaniyat markazi direktori Samir Abbosov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Rektor so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi aloqalar yuqori bosqichga ko‘tarilgani, hukumatimiz tomonidano‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratidayotganini ta’kidladi. “Ayni jarayonda institut Ozarbayjon oliy o‘quv yurtlari bilan sheriklik ko‘lamini kengaytirishdan manfaatdor”, dedi u.

Ozarbayjon Madaniyat markazi direktori Samir Abbosov qardosh O‘zbekistonda barcha yo‘nalishlar qatori madaniy aloqalarni rivojlantirish ham ustuvor vazifa ekaniga urg‘u berdi. U Prezident Ilhom Aliyevning 2022 yilda respublikamizga ketma-ket uch bor tashrif buyurganini eslarkan, Ozarbayjon O‘zbekiston bilan do‘stona munosabatni chuqurlashtirishga katta ahamiyat berishini qayd etdi.

Ozarbayjon Madaniyat markazi mamlakatimizda muntazam ravishda loyihalar, tadbir, konferensiya, ko‘rgazma va tanlovlar, konsertlar o‘tkazib boradi.

2023 yil Ozarbayjonda “Haydar Aliyev yili” sifatida e’lon qilingan. Shu munosabat bilan O‘zbekistonda ham keng ko‘lamli tadbirlar rejalashtirgan. Fursatdan foydalanib, Markaz rahbari institut jamoasiini ushbu anjumanlarda faol ishtirok etishga chaqirdi.

So‘ngra, yaqin o‘zaro hamkorlik bo‘yicha aniq takliflar bildirildi. Joriy yil aprel oyiga mo‘ljallangan tadbirlar doirasida qo‘shma loyihalar amalga oshirish, jumladan, institutda ushbu qardosh yurt madaniyatiga alohida kun ajratish g‘oyasi o‘rtaga tashlandi. Dasturda Ozarbayjon musiqasi, bastakorlar asarlari, raqs san’ati taqdimoti, yangi filmlar, milliy liboslar, gilamchilik va oshxona madaniyatiga oid ko‘rgazmalar tashkil qilinishi maqsadga muvofiqligi aytildi.

Ayniqsa, Samir Abbosovning ozarbayjonlik mualliflar asarlari asosida talabalar tomonidan teatr tomoshasi sahnalashtirish, foto yo‘nalishi talabalari ishtiroki va qo‘llovi bilan “Ozarbayjon O‘zbekiston yoshlari nigohida” ko‘rgazmasini tashkil etish taklifi qizg‘in qabul qilindi.

Diplomat “Haydar Aliyev yili” munosabati bilan Ozarbayjon Madaniyat markazi tomonidan O‘zbekistonning 3 yetakchi oliy o‘quv yurti a’lochi talabalari uchun “Haydar Aliyev stipendiyasi” ta’sis etilgani, O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutining bir nafar a’lochi talabasi ushbu stipendiya bilan taqdirlanishini ma’lum qildi.

Institutda yil davomida “Haydar Aliyev va O‘zbekiston” seminarlari o‘tkazilishi, talabalar guruh bo‘lib Markaz kurslari va klublari, muzeylariga muntazam tashrif buyurishi, Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasida talaba va o‘qituvchilar almashinuvi dasturlarida faol ishtirok etishi mumkinligi ta’kidlandi. Madaniy-badiiy tadbirlar, tanlov va dasturlar, turli loyihalarda ham institut jamoasi faol ishtirok etishiga kelishildi.

O‘z navbatida Eldor Shermanov oliy o‘quv yurti hamkorlikka doimo tayyor ekanini qayd etdi. Sheriklikning samarasi o‘laroq, institutda Ozarbayjon madaniyati va san’ati markazi ochilishi, ushbu mamlakat rassomlari ishtirokida muntazam konferensiya, uchrashuv, konsert dasturi, taqdimot hamda ko‘rgazmalar o‘tkazilishi ta’kidlandi.

U yaqin kunlarda o‘zi rahbarligida institut vakillaridan iborat delegatsiya Ozarbayjonga borishi, safar doirasida bir necha oliy o‘quv yurti bilan ikki tomonlama hujjatlar imzolanishiga urg‘u qaratdi.

Uchrashuv so‘ngida O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutiga Ozarbayjon Madaniyat markazi tomonidan o‘zbek tilida nashr etilgan ulug‘ shoir Nizomiy Ganjaviyning «Xamsa»si va “Kitobi Dada Qo‘rqut” dostonining nafis nashri sovg‘a qilindi.

Mehmonlar mavjud fakultetlar faoliyati bilan tanishib, talabalarning folklor va xalq cholg‘u ansambli chiqishlarini tomosha qilishdi.

G‘.Xonnazarov, O‘zA