Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv
08:30 / 2022-05-14

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov Dushanbe shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tashqi ishlar vazirlari Kengashining navbatdagi majlisi doirasida Ozarbayjon Respublikasi tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov bilan muzokara o‘tkazdi.

Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qilgan.

Tashqi ishlar idoralalari rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlik bilan bog‘liq dolzarb masalalarni muhokama qildilar.

Tomonlar ikki qardosh xalq o‘rtasidagi ko‘p asrlik tarixiy rishta, O‘zbekiston va Ozarbayjon rahbarlari o‘rtasidagi ishonchli munosabatga asoslangan strategik sheriklikning bugungi holatini yuqori baholadilar.

So‘nggi vaqtda ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqa sezilarli darajada faollashdi, Toshkentni Boku bilan bog‘lovchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovi tiklandi.

Tomonlar o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy, jumladan, ustuvor tarmoq va yo‘nalishlarda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, mintaqaviy miqyosda hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar izlashga tayyorligini qayd etdi. Hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Ozarbayjon hukumatlararo qo‘shma komissiyasining o‘n birinchi majlisi va Tashqi ishlar vazirliklariaro siyosiy maslahatlashuvning navbatdagi davrasini joriy yil Toshkent shahrida o‘tkazishga kelishib oldi.

Madaniy-gumanitar aloqani yanada chuqurlashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Gumanitar almashinuvni faollashtirish, O‘zbekiston va Ozarbayjon hududida qo‘shma madaniy tadbirlarni muntazam o‘tkazishga ko‘maklashish, turizm sohasidagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qat’iy intilish bildirildi.

Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, jumladan Turkiy davlatlar tashkiloti va Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi o‘zaro hamkorlikning eng muhim jihatlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

O‘zA