Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ozarbayjon san’ati va adabiyoti kunlari
06:35 / 2025-12-07

Farg‘ona davlat universitetida Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchixonasi huzuridagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi hamkorligida Ozarbayjon san’ati va adabiyoti kunlari bo‘lib o‘tdi.

Dastlab Ozarbayjon xalq shoiri Baxtiyor Vahobzodaning “Jonimga jo Ozarbayjonim” kitobi taqdimoti o‘tkazildi. Taqdimot marosimida madaniyat markazi direktori Akif Marifli boshchiligidagi delegatsiya, universitet professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi. Tadbirda Baxtiyor Vahobzodaning badiiy merosi va ikki xalq o‘rtasidagi do‘stona aloqalar muhokama qilindi.

Mehmonlar Ma’naviyat va ma’rifat markazida milliy an’analar asosida kutib olindi. Vokal va cholg‘u ijrochiligi kafedrasi professor-o‘qituvchilari va talabalar tomonidan Ozarbayjon qo‘shiqlari ijro etildi.

Tadbir davomida mehmonlar talabalar tomonidan tayyorlangan ijodiy ko‘rgazmalar bilan tanishdi. Badiiy rasmlar va amaliy san’at namunalari orqali vodiy tabiatining go‘zalligi hamda milliy qadriyatlari namoyon etildi.

Shuningdek, Baxtiyor Vahobzoda merosiga bag‘ishlangan ramziy xona ochildi. Universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov va madaniyat markazi direktori Akif Marifli ishtirokida xonaning rasmiy ochilishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu marosimda ikki tomonlama hamkorlik hujjatlari imzolandi va mehmonlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi tomonidan universitet Axborot-resurs markaziga adabiyotlar to‘plami taqdim etildi. Shuningdek, ARMda “Ozarbayjon adabiyotlari burchagi” tashkil etildi. Bu burchak talabalar va tadqiqotchilar uchun bilim manbai vazifasini bajaradi. 

Ozarbayjon san’ati va adabiyoti kunlari ikki qardosh xalq o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni mustahkamlash, talabalarning ijodiy salohiyatini namoyish etish va adabiy-ma’rifiy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Nilufar Bozorova, O‘zA