English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ozarbayjon milliy madaniyat markazi tashkil etilganiga 20 yil to‘ldi
12:02 / 2023-05-23

Qadimdan Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston hududi ko‘p millatli bo‘lib, bu yerda turli millatlar, tillar va madaniyat vakillari yonma-yon yashab kelgan.

O‘zbekiston xalqlarining madaniy xilma-xilligi mustaqillikning asosiy yutuqlaridan biri bo‘lib, bebaho boyligi sifatida e’tirof etilgan. Uni asrab-avaylash esa burchimizdir. Aytish joizki, o‘zbek va ozarbayjon xalqlarining o‘tmishi va buguni mustahkam aloqalar bilan uzviy bog‘liq. Respublika ozarbayjon milliy madaniyat markazi tashkil etilganiga 20 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan yurtimizda ko‘plab tadbirlar o‘tkazilmoqda. Bayram tadbirlarida ishtirok etish uchun Ozarbayjon Respublikasi Diaspora bilan ishlash davlat qo‘mitasi raisi Fuad Muradov rahbarligidagi ushbu mamlakat delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Ma’lumki, 1989 yilda ilk bor Toshkent shahar “Gardashlik” ozarbayjon milliy madaniyat markazi tashkil etilgan edi. Keyinchalik Samarqand va Buxoroda ozarbayjon milliy madaniy markazlari tashkil topgan bo‘lsa, 2003 yilga kelib Respublika ozarbayjon milliy madaniyat markazi tuzildi. Bugungi kunda Respublika ozarbayjon milliy madaniyat markazi mamlakatimizning oltita mintaqasida faoliyat yuritayotgan o‘z bo‘limlari ishini muvofiqlashtirish bilan birga, o‘zbekistonlik ozarbayjonlar milliy madaniyati, an’analari va urf-odatlarini saqlash va rivojlantirishga ko‘maklashib keladi. 

Tadbir qatnashchilari Toshkentda Mirobod tumanidagi o‘z xalqining suyukli farzandi, Ozarbayjon Respublikasi lideri Haydar Aliyev yodgorligi poyiga gulchambar qo‘ydi. Xotira tadbirida respublikamizning qator vazirlik va idoralari rahbarlari, Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi, Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, Respublika ozarbayjon milliy madaniyat markazi, san’at va madaniyat faollari, Milliy madaniy markazlar raislari, talaba yoshlar hamda jurnalistlar ishtirok etdi. – O‘zbekistonga birinchi kelishim, bu diyorga kelganimdan juda mamnunman, – dedi Ozarbayjon Respublikasi Diaspora bilan ishlash davlat qo‘mitasi raisi Fuad Muradov. – O‘zbekiston – betakror mamlakat. Mamlakatlarimiz ko‘p yillik hamkorlik va do‘stlik aloqalariga ega. O‘zbekistonda minglab ozarbayjonliklar istiqomat qiladi. Biz boshqa davlatlar bilan bo‘lgani kabi O‘zbekistondagi vatandoshlarimiz bilan ham mustahkam aloqani davom ettirish uchun turli sohalarda memorandumlar imzolaganmiz. O‘zbek xalqi azaldan Ozarbayjon xalqidan o‘z yordamini ayamagan, biz buni doim his etamiz. Mamlakatlarimiz rahbarlari ham do‘stlik va strategik hamkorlikni davom ettirish uchun harakat qilmoqdalar. Kelajakda ham istiqbolli hamkorligimizni davom ettirishda va bunda o‘z hissamizni qo‘shishdan xursandmiz! –2003 yilda Toshkentda Ozarbayjon madaniyat markaziga tamal toshi qo‘yilgan bo‘lib, bu yil bunga 20 yil to‘ldi, – dedi O‘zbekistondagi Ozarbayjon diasporasi faoli, sozanda Ilhom Abdullayev. – Shu kungacha ushbu madaniyat markazi faol xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Ozarbayjonliklar O‘zbekistondagi barcha milliy bayramlarda faol ishtirok etmoqdalar. O‘zlarining an’anaviy udumlarini, bayramlarini bemalol nishonlamoqdalar. Buning uchun Toshkentdagi Ozarbayjon milliy madaniyat markazi hamda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasiga minnatdorchilik bildiraman. Ikki qardosh davlatning kelgusidagi hamkorligi yo‘lida xizmat qilishga doimo tayyormiz. Respublika ozarbayjon milliy madaniyat markazi tashkil etilganining 20 yilligi doirasida ozarbayjonlik mehmonlar Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbonov bilan uchrashdi. 

Qo‘mita raisi mehmonlarga mamlakatimizda millatlararo munosabatlar sohasidagi davlat siyosati haqida batafsil ma’lumot berdi. Bugungi kunda qo‘mita mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan jami 152 ta milliy madaniy markaz, 36 ta do‘stlik jamiyati va xorijdagi vatandoshlarning 38 ta jamiyati bilan hamkorlik qilmoqda. Bu esa O‘zbekistondagi barcha millatlar va elatlarning tarixi, madaniyati, ma’naviy qadriyatlari, an’ana hamda urf-odatlarini asrash va har tomonlama rivojlantirish, millatlararo munosabatlarni uyg‘unlashtirish, jamiyat va davlatni barqaror rivojlantirishda g‘oyat muhimdir. Ta’kidlandiki, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan barcha milliy madaniy markazlar qatori ozarbayjon milliy madaniyat markazining samarali faoliyati uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ozarbayjon delegatsiyasi rahbari Fuad Muradov o‘z navbatida uchrashuv uchun minnatdorchiligini bildirib, O‘zbekistonda millatlararo munosabatlar sohasida olib borilayotgan davlat siyosatini yuqori baholadi. Shundan so‘ng, qo‘mita katta zalida Ozarbayjon delegatsiyasi rahbari Fuad Muradov boshchiligidagi delegatsiya a’zolarining mamlakatimizda istiqomat qilayotgan ozarbayjon diasporasi vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, delegatsiya vakillari Toshkentdagi Ozarbayjon elchixonasi huzuridagi Haydar Aliyev nomli ozarbayjon madaniyat markaziga ham tashrif buyurdilar. 
Ozarbayjon milliy madaniyat markazi tashkil etilganining 20 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar qizg‘in davom etmoqda. 

N.Usmonova, O‘zA