“Turkystan.kz” axborot portali qozoq tilida mamlakat va jahon yangiliklarini keng qamrovda o‘quvchilarga taqdim etuvchi platformadir. Saytni oyiga ikki milliondan ortiq kishi kuzatadi, undan bir milliondan ziyod o‘quvchi materiallarga o‘z munosabatini bildiradi. Portal Qozog‘iston saytlari orasida yetakchi manbalardan biri hisoblanadi.
Bugun O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA va Qozog‘istonning ana shu veb-sayti o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
Memorandum agentliklar o‘rtasida media-kontent almashish, xodimlarning o‘zaro amaliyot o‘tashi, mediamahsulot ishlab chiqarishda bir-birlariga texnik vositalar bilan ko‘maklashish singari imkoniyatlarni yaratadi.
Bundan tashqari, tomonlar O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari taraqqiyotiga hissa qo‘shadilar. Mamlakatlardagi «qaynoq» xabarlar, ijtimoiy-siyosiy hayot, iqtisodiy islohotlarni o‘z o‘quvchilariga yetkazishda jonbozlik ko‘rsatadi.
Bu hamkorlik “Turkystan.kz” portalida muntazam chop etiladigan – “Tugel turki” rukni ostida qardosh turkiy xalqlarning tarixi, madaniyati, tili, dunyoqarashi, millatlararo aloqalar haqidagi xabarlarni olishga va O‘zA veb-resurslarida e’lon qilishga ham imkon beradi.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA