2024-yil 17-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, O‘zbekiston marketing uyushmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida Ikkinchi xalqaro “Tashkent Digital Marketing forum 2024” forumi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston marketing sohasi uchun asosiy voqea hisoblangan ushbu xalqaro tadbir doirasida eng yaxshi brendlar – “Digital Marketing Awards” va eng yaxshi blogerlar – “Influencer Awards” jamlandi hamda turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.
Forumda “O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyati “2023-yilda O‘zbekiston bo‘ylab yuqori sifatli sug‘urta xizmatlarini taqdim etib kelayotgan hamda eng keng tarmoqqa ega bo‘lgan kompaniya” mukofotini qo‘lga kiritdi.
Forumda ishtirokchilarni “O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyati taqdim etib kelayotgan sug‘urta xizmatlari, mijozlarga yaratilayotgan qulayliklar, bugungi kunda sohada olib borilayotgan yangiliklar, aholi ishonchini yanada orttirish borasidagi ishlar bilan tanishtirish imkoniyati yaratildi.
Qayd etish joiz, “O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyati bugungi kunda respublika bo‘ylab 14 filial hamda 187 sug‘urta markazi orqali aholiga 150 dan ortiq sug‘urta xizmatlari taklif etib kelayotgan eng ko‘p hududiy tarmoqlar va mijozlarga ega sug‘urta tashkilotlaridan sanaladi.
O'zA