Mamlakatimizda sug‘urta bozorini rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlar sug‘urtaning hayotimizdagi o‘rnini mustahkamlash, iqtisodiyotimizning ajralmas tarkibiy qismiga aylantirish kabi maqsadlarni ko‘zda tutadi.
Davlatimiz rahbari tomonidan sohani isloh qilish maqsadida ko‘plab qaror va farmonlar qabul qilindi. Xususan, 2019 yil 2 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori sug‘urta bozoridagi o‘zgarishlarga turtki bo‘lgan muhim hujjatlardan biridir.
Ushbu o‘zgarishlar «O‘zagrosug‘urta» aksiyadorlik jamiyatining o‘tgan yilgi faoliyatida ham yaqqol namoyon bo‘ldi. Jumladan, yirik sanoat tashkilotlari, tijorat banklari va boshqa ishlab chiqaruvchilar bilan ishonchli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Korporativ mijozlarga asosan mol-mulk sug‘urtasi, garovga qo‘yilgan mol-mulkni sug‘urtalash, qurilish tavakkalchiligi sug‘urtasi, avtotransport vositasini kompleks sug‘urtalash va umumiy fuqarolik javobgarligini sug‘urtalash kabi yo‘nalishlarda xizmatlar ko‘rsatilmoqda.
Jamiyatning jami 14 filiali hamda 191 ta sug‘urta markazi orqali mijozlarga 100 dan ortiq sug‘urta xizmatlari taklif etib kelinayotganini alohida qayd etish joiz.
– 2022 yilda ta’minlangan sug‘urta mukofotlari qariyb 323,3 milliard so‘mni tashkil etdi, – deydi «O‘zagrosug‘urta» AJ boshqaruv raisining o‘rinbosari Alisher Yusupov. – Rasmiylashtirilgan sug‘urta shartnomalari bo‘yicha olingan majburiyat hajmi 119 trillion so‘mdan oshadi. Bu esa o‘z navbatida o‘tgan yilga nisbatan 42,8 foizga o‘sish demakdir. Shu davr mobaynida Jamiyat mijozlari bilan jami 995 ming 526 dona sug‘urta shartnomalari tuzilgan bo‘lib, shartnomalarning qariyb 92 foizi yoki 914,6 mingtasi aholining sog‘lig‘i va mol-mulki uchun ko‘rsatilgan sug‘urta xizmatlariga to‘g‘ri keladi.
Olingan majburiyatlar doirasida mijozlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida qariyb 43,3 milliard so‘mlik sug‘urta tovonlari to‘lab berilgan.
Raqamlashtirish jamiyatning 2022 yildagi muvaffaqiyatli faoliyatiga ijobiy ta’sir etgan muhim omillardan biri bo‘ldi. Birgina o‘tgan yilning o‘zida 20 ta sug‘urta turlari bo‘yicha onlayn sotuv yo‘lga qo‘yildi. Bu sug‘urta bozoridagi eng yaxshi ko‘rsatkich ekanini e’tirof etish joiz.
Jamiyat tomonidan so‘nggi uch yil mobaynida migrantlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar tahlil qilinsa, mazkur yo‘nalishda yuqori o‘sishga erishilgani namoyon bo‘ladi.
Misol uchun, 2020 yilda 8 ming 26 ta, 2021 yilda 36 ming 62 ta shartnoma rasmiylashtirilgan bo‘lsa, 2022 yilda 196 ming 489 nafar fuqarolarimiz sug‘urtaviy himoyaga olingan.
«O‘zagrosug‘urta» AJ O‘zbekiston sug‘urta bozorida yetakchi maqomiga erishishida xalqaro hamkorlikning, xususan qayta sug‘urta yo‘nalishidagi faoliyatning hissasi ulkandir. “Fitch Ratings Cis Ltd” xalqaro reyting agentligi tomonidan 2019 yildan buyon “BB-” Barqaror reytingi tasdiqlangani Jamiyatning xalqaro qayta sug‘urta bozoriga chiqish imkoniyatini jadallashtirmoqda.
Hozirgi kunda xalqaro qayta sug‘urta bozoridagi yirik sug‘urta kompaniyalari va qayta sug‘urtalash brokerlari bilan qayta sug‘urta doirasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Joriy yilda ham ushbu yo‘nalishdagi ishlarni jadal davom ettirish ustuvor yo‘nalishlardan bo‘lib qoladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA